Jahon Banki tomonidan dunyo davlatlarining 2020 yil uchun inson kapitali indeksi e’lon qilindi. Dunyo aholisining 98 foizi istiqomat qiluvchi 174 ta mamlakat ishtirok etgan mazkur reytingga ilk marotaba O‘zbekistondagi sog‘liqni saqlash va ta’lim sohasiga oid ma’lumotlar ham kiritilgan, deya xabar qildi Ta’lim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi matbuot xizmati.

Ushbu ma’lumotlar 2020 yil mart oyigacha bo‘lgan davrni qamrab oladi va pandemiyagacha bolalar salomatligi va ta’limining asosiy ko‘rsatkichi bo‘lib xizmat qiladi.


Qayd etilishicha, inson kapitali indeksi bolaning kelajakda qay darajada samarali kadr bo‘lib shakllanishini o‘lchaydi. Indeks qiymati 0 dan 1 gacha intervalda bo‘lib, qiymat 1 ga yaqinlashishi bugungi bolalarning kelajakda qay darajada yetuk inson bo‘lib shakllanishini ko‘rsatadi.

Jahon banki guruhi tomonidan o‘tkazilgan yangi tahlilga ko‘ra, COVID-19 pandemiyasi so‘nggi o‘n yillikda sog‘liqni saqlash va ta’lim sohalari erishilgan yutuqlarga tahdid solmoqda. Bu, ayniqsa, eng kambag‘al mamlakatlarga kuchli ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Tahlillar shuni ko‘rsatadiki, pandemiya boshlangunga qadar aksariyat davlatlar bolalarda inson kapitalini shakllantirish bo‘yicha barqaror o‘sishga erishgan. Kam daromadli mamlakatlarda esa bu ko‘rsatkich eng yuqori natijaga ega bo‘lgan.


Shu bilan birga, ushbu taraqqiyotga qaramay va pandemiya ta’siri sezila boshlangunga qadar, oddiy davlatda tug‘ilgan bola to‘liq ta’lim va sog‘liqni saqlash sharti bilan inson kapitalining potensial darajasining atigi 56 foiziga erishishga umid qilishi mumkin edi.

Pandemiya tufayli bolalarning aksariyati (1 milliarddan ortiq) maktabga bormadi va ta’lim olish uchun belgilangan o‘rtacha olti oylik bilimlarning boy berilishi iqtisodiy jihatidan sezilarli yo‘qotishlarga olib keladi.

Ushbu tadqiqotlarda ilk marotaba ishtirok etgan O‘zbekiston 62 foiz natija ko‘rsatgan. Ya’ni O‘zbekiston MDH mamlakatlari ichida Belarus (70 foiz), Rossiya (68 foiz) va Qozog‘istondan (63 foiz) keyingi o‘ringa joylashgan.


Markaziy Osiyo mamlakatlari miqyosida esa Qozog‘iston va O‘zbekistondan tashqari, Qirg‘iziston 60 foiz, Tojikiston 50 foiz natija ko‘rsatgan.

2020 yilga qadar O‘zbekistonning ma’lumotlari «Inson kapitali indeksi» reytingida e’lon qilinmagan. Ya’ni O‘zbekiston tomonidan faqat sog‘liqni saqlash va iqtisodiy ko‘rsatkichlar taqdim etilgan va bu Jahon banki tomonidan qabul qilingan. Biroq 2017 yilga qadar mamlakat maktab o‘quvchilarining bilimini aniqlash uchun o‘tkazilgan monitoring ishlari xalqaro standartlarga mos emasligi sababli ta’lim sifati (o‘quvchilarning bilimini baholash) bo‘yicha taqdim etilgan ma’lumotlar qabul qilinmagan.

«Yurtimizda mavjud ta’lim sifati bo‘yicha ishonchli ma’lumot taqdim etish uchun 2019 yilning noyabr oyida Ta’lim inspeksiyasi Jahon banki bilan hamkorlikda TIMSS xalqaro tadqiqotlari savollari asosida matematika bo‘yicha maktab o‘quvchilarining bilimi o‘rganilgan edi. Mazkur sinovlarda maktab o‘quvchilari qayd etgan natijalar ham yurtimizda inson kapitalini aniqlashda muhim ma’lumot bo‘lib xizmat qilgan», — deyiladi xabarda.

Jahon banki Inson kapitali indeksi doirasida bolaning rivojlanish trayektoriyasi (tug‘ilganidan voyaga yetgunicha) qator muhim ko‘rsatkichlar bo‘yicha baholanadi:

  • tirik qolish ehtimoli (tug‘ilganidan 5 yoshgacha);
  • boshlang‘ich va o‘rta maktabda kutilayotgan ta’lim sifatiga qaratilgan o‘qish davomiyligi;
  • rivojlanishi orqada qolayotgan bolalar foizi;
  • katta yoshdagi avlodning yashovchanligi.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston ilk marotaba inson kapitalini baholashga qaratilgan PISA va PIRLS xalqaro tadqiqotlarida ham ishtirok etmoqda. Bugungi kunda Ta’lim inspeksiyasi tomonidan tegishli vazirliklar bilan hamkorlikda o‘qituvchilarga metodik yordam ko‘rsatish bo‘yicha o‘quv qo‘llanmalar tarqatilmoqda. Ularning malakasini oshirish uchun xalqaro ekspertlar ishtirokida seminarlar o‘tkazilmoqda. Shuningdek, maktab o‘quvchilari uchun xalqaro tadqiqotlarda foydalaniladigan namunaviy savollar asosida onlayn-trenajyorlar tashkil etildi. Respublika bo‘yicha 348 ta tayanch maktab belgilanib, qolgan maktablarni ularga biriktirgan holda pedagoglarning malakasi oshirilmoqda.