17 sentyabr kuni ertalab deyarli bir vaqtning o‘zida Toshkentning Mirobod va Chilonzor tumanlaridagi ikkita kafeda yong‘in sodir bo‘ldi, deya xabar berdi Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmati.

Vazirlik ma’lumotlariga ko‘ra, yong‘in Nukus ko‘chasi 10-uyda joylashgan «Buxoro» kafesi hamda Bunyodkor shoh va Cho‘ponota ko‘chalari chorrahasida joylashgan, ijarada bo‘lgan Bistroff kafesida yuz bergan.

Yong‘inlarni o‘chirishga Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar boshqarmasining 8 ta yong‘in o‘chirish ekipaji hamda 2 avtonarvon zudlik bilan jalb qilingan. Yong‘in natijasida binolarning 190 kvadrat metr maydoni zarar ko‘rgan, o‘t o‘chiruvchilar tomonidan 430 kvadrat metr maydon saqlab qolingan.

Jabrlanganlar to‘g‘risida ma’lumotlar kelib tushmagan. Yong‘in sabablari o‘rganilmoqda.