Oliy Majlis Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi Baxtiyor Sayfullayev «Bravo» jamoasi vakili Ahmad Temirov hamda xonanda Vohidjon Isoqovнинг nikoh to‘ylari masalasida Madaniyat vazirligiga senatorlik so‘rovi yubordi.

«Albatta, yoshlarimizni yangi oila ostonasiga qadam qo‘yganliklari bilan tabriklayman. Ammo koronavirus balosi hali o‘z ta’sir kuchini ko‘rsatib, kundan-kunga kasallanish ortib borayotgan bir vaqtda maxsus komissiya talablariga zid ravishda 30 kishidan ortiq mehmonlarni yig‘ib, karantin tartib qoidalarga rioya etmaslik va oxir-oqibat yaqinlarimizning sog‘lig‘ini, hayotini xavf ostiga qo‘yish to‘g‘rimi?» — degan savolni o‘rtaga tashladi u.

Senator tabriklash uchun kelgan o‘ndan ortiq san’atkorlar hamda yuzga yaqin mehmonlarning ijtimoiy masofa saqlash, niqob taqish nima ekanligi yodlaridan ham chiqib ketganini ta’kidlab o‘tdi.

«Axmad Temirov, Vohidjon Isoqov o‘rnatilgan tartibda jarimaga tortilganidan xabarimiz bor, biroq bunday xatti-harakatlar „tartib qoidalarga zid ravishda mana shunday to‘y o‘tkazib, belgilangan jarimani to‘lab ketish bilan osongina qutulish mumkin“ degan noto‘g‘ri xulosalar shakllanshiga sabab bo‘lishi yomon. Qolaversa, bunday tadbirlar kasallik tarqalishiga olib kelmaydi deb hech kim kafolat berolmaydi», — deb hisoblaydi Baxtiyor Sayfullayev.

Uning so‘zlariga ko‘ra, xalq ko‘z o‘ngida yurgan, san’at olamiga daxldor odam boshqalardan ko‘ra madaniyatliroq bo‘lishi, kerak bo‘lsa, jamiyatidagi xayrli ishlar va yangiliklarni amalga oshirishga ko‘proq hissa qo‘shib, yoshlarga o‘rnak ko‘rsatishi kerak.

«Bu kabi ko‘ra-bila turib tartib-qoidani mensimay buzganlar faqatgina ma’lum bir miqdorda jarima to‘lash bilan qutulishi yetarli emasdek, nazarimda. Jamiyat qoidalariga, insonlar hayotiga bunchalar bepisandalik bilan qarash ko‘rinmas dushman bilan olishib jonlarini fido qilgan yuzlab shifokoru-harbiylarimiz, yurtdoshlarimiz xotirasi va mehnatlariga nisbatan ham hurmatsizlik deb baholashga loyiq», — deydi Senatining Yoshlar, madaniyat va sport masalalari qo‘mitasi raisi.

Eslatib o‘tamiz, estrada xonandasi Vohidjon Isoqov Tashkent City`da nikoh to‘yini nishonlar ekan, karantin qoidalariga rioya qilmagani uchun MJTKning 54-moddasi bo‘yicha jarimaga (1 mln 115 ming so‘m) tortilgan edi. Buncha miqdordagi jarima esa yuqorida keltirilgan moddaning birinchi qismida ko‘zda tutilgan bo‘lib, u jamoat joyida niqob taqmaslik uchun tayinlanadi.

Pandemiya boshlanganidan buyon O‘zbekistonda 619 ming fuqaro karantin qoidalarini buzgani uchun javobgarlikka tortildi.