Respublika maxsus komissiyasi qarori bilan xalqaro turizmni tashkil etishga nisbatan qo‘llanilgan cheklovlar bekor qilindi. Bu haqda «Gazeta.uz»ning hukumatdagi axborot manbasi xabar qildi.

Shu bilan birga turizmni rivojlantirish uchun zarur shart-sharoitlarni yaratish maqsadida turistik kompaniyalarga turistlarni olib kelish bilan bog‘liq yengilliklar taqdim etilmoqda.

Bunda O‘zbekistonga xorijiy davlatlar fuqarolari bo‘lgan turistlarni olib kelish faoliyati bilan shug‘ullanayotgan turistik firmalar ular tomonidan mamlakatga turistik guruh (5 kishidan kam va
15 kishidan ortiq bo‘lmagan va turli kasalliklar, jumladan, Covid-19 qamrab oladigan to‘liq sug‘urtasi bo‘lishi sharti bilan)
sifatida tashkil etilayotgan turizm sayohatlarini amalga oshirishdan avval turistlarni PZR test tekshiruvidan o‘tkazilishini ta’minlashi belgilandi.

Shuningdek, PZR test tekshiruvi natijasi manfiy bo‘lgan turistlarga nisbatan 14 kunlik karantinda saqlash bo‘yicha cheklov qo‘llanilmaydi hamda mamlakatga kirishda koronavirus infeksiyasiga PZR, ekspress-test yoki antigen tekshiruvlaridan o‘tkazilmaydi.

Xorijiy turistlar O‘zbekistonda mavjud karantin cheklovlari va sanitariya-gigiyena talablariga qat’iy rioya etgan holda harakatlanishlari lozim bo‘lib, bu boradagi talablar bajarilishi turistik firmalar zimmasiga yuklatildi.

Shu bilan birga O‘zbekistonga kirish vaqtida koronavirus infeksiyasining alomatlari (yo‘tal, isitma va b.q.) paydo bo‘lganda xorijiy turist o‘tkazish punkti (aeroport, vokzal yoki boshqa) hududida o‘z hisobidan koronavirus infeksiyasiga PZR yoki ekspress-test yoki antigen tekshiruvidan o‘tish uchun namuna topshiradi, bunda test natijalari musbat chiqadigan bo‘lsa o‘z hisobidan karantinga olinib davolanishdan o‘tadi yoxud o‘z mamlakatiga qaytadi.