«Tolibon» harakati Afg‘oniston tomonidan O‘zbekistonga xavf va tahdidlar paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaydi, deya ma’lum qildi harakatning siyosiy idorasi rahbari Mulla Abdul G‘ani Baradar 12 sentyabr kuni Qatarda afg‘onlararo muzokaralar doirasida «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida.

U O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning afg‘on zaminida tinchlik va barqarorlikni o‘rnatish bo‘yicha sa’y-harakatlariga yuqori baho berib, «Mozori-Sharif — Kobul — Peshovar» temir yo‘li hamda «Surxon — Puliqumri» elektr uzatish liniyasi qurilishi bo‘yicha loyihalarni olqishladi.

«Bu xayrli ishlar Afg‘oniston uchun juda muhim va bu afg‘on iqtisodiyotini ko‘tarishga muhim turtki bo‘lishiga ishonamiz. Ushbu loyihalarni hayotga tadbiq etish uchun o‘zbekistonlik ko‘plab mutaxassislar Afg‘onistonda faoliyat yuritadi. Ularning xavfsizligini ta’minlash ham muhim masala. Bu jihatni e’tibordan chetda qoldirmagan holda asosiy diqqatni shunga qaratamiz», — deya ta’kidladi u (iqtibos «O‘zbekiston 24» telekanalidan).

Eslatib o‘tamiz, 20 avgust kuni Afg‘onistonning Balx provinsiyasida «O‘zbekiston temir yo‘llari» tarkibiga kiruvchi «So‘g‘diyona trans» sho‘’ba korxonasi vakillariga qurolli hujum uyushtirilgan edi. O‘zbekiston tomoni Afg‘oniston hududidagi o‘zbek kompaniyalari xodimlari himoyasini kuchaytirishni so‘radi.

Fevral oyi oxirida AQSH va «Tolibon» harakati tinchlik kelishuvini imzolagan, unda Amerika qo‘shinlarining Afg‘onistondan chiqib ketishi va afg‘onlararo muloqotning boshlanishi ko‘zda tutilgan edi. Mulla Abdul G‘ani Baradaning so‘zlariga ko‘ra, ushbu qadamlar «Tolibon»ning tinchlik tarafdori ekanini ko‘rasatadi.

«Biz kelishuv shartlarini bajaramiz, albatta. Shu nuqtai nazardan aytishim mumkinki, kelgusida Afg‘oniston tomonidan O‘zbekiston yoki Markaziy Osiyodagi boshqa mamlakatlarga xavf, tahdid paydo bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaymiz. Ishonchim komilki, O‘zbekiston bilan qo‘shnichilik aloqalari yanada mustahkamlanadi, iliq va samimiy munosabatlar har ikki mamlakat barqarorligi uchun xizmat qiladi», — dedi «Tolibon»ning Doxadagi idorasi rahbari.

Mulla Abdul G‘ani Barada tinchlik kelishuvida nafaqat «Tolibon», balki Amerika tomonining ham majburiyatlari borligini ta’kidladi.

«Rasmiy Vashington Afg‘onistondan o‘z harbiy qo‘shinlarini olib chiqib ketadi. Harbiylar mamlakatni tark etgach, biz Afg‘onistonni osudalik, tinchlik uyiga aylantiramiz. Mamlakatda barqarorlik hukm surishiga erishamiz», — dedi u.

Eslatib o‘tamiz, tinchlik shartnomasida Qo‘shma Shtatlar 135 kun ichida Afg‘onistondagi qo‘shinlar sonini 12000 dan 8600 gacha qisqartirishi, so‘ngra toliblar zo‘ravonlikdan tiyilsa, 14 oy ichida o‘z kuchlari va NATO kuchlarini olib chiqib ketishi belgilangan. Buning evaziga «Tolibon» AQSH va boshqa mamlakatlarga hujum qilish uchun Afg‘oniston hududidan foydalanishdan voz kechishi kerak.

Dohadagi muzokaralarning ochilish marosimida O‘zbekiston tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Kamilov afg‘onlararo muzokaralarning navbatdagi raundlaridan birini Samarqandda tashkil etishni taklif qildi.

Avvalroq Abdulaziz Kamilov nima uchun O‘zbekiston «Tolibon» harakati bilan aloqalarni davom ettirayotgani, dunyoning yirik kuch markazlari ushbu hududda o‘z manfaatlari yo‘lida to‘qnash kelayotgani hamda kim Afg‘onistonda barqaror tinchlik kafolati sifatida harakat qilishi mumkinligi haqida gapirib bergan edi.