Bosh prokuratura Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi 11-umumta’lim maktabining 9-sinf o‘quvchisining dars vaqtida to‘satdan vafot etgani to‘g‘risidagi xabarga izoh berdi.

Bosh prokuratura matbuot xizmatining «Gazeta.uz» ga xabar berishicha, Sh. S.ning (2005 y.t.) o‘limi 16 sentyabr kuni soat 10:10 atrofida sodir bo‘lgan. Qiz tirsaklarini derazaga tirab, hushini yo‘qotgan. To‘plangan dastlabki hujjatlarga ko‘ra, qizda surunkali kasalliklar bo‘lmagan va uning tanasida hech qanday jarohat izlari topilmagan.

Ayni paytda tuman prokuraturasi ushbu holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlarini olib bormoqda. O‘lim sababini aniqlash maqsadida sud-tibbiy ekspertizasi tayinlangan.

Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, qizning o‘limiga o‘tkir nafas yurak-qon tomir yetishmovchiligi tez va qisqa vaqt ichida yuzaga kelganligi sabab bo‘lgan. Tekshiruv davom etmoqda.