15 sentyabr kuni Namangan viloyati Kosonsoy tumanidagi «Namuna shirin» fermer xo‘jaligi dalasida 21 va 20 yoshli ikki sevishgan ota-onalarini o‘zaro turmush qurishlariga rozi qilish uchun bir-birini pichoqladi. Qiz olgan tan-jarohati natijasida shifoxonada vafot etdi, deya xabar qildi IIV matbuot xizmati.

Dastlabki surishtiruvlarga ko‘ra, I. M. va K. M. 5 yil davomida o‘zaro sevishib yurgan. Shunga qaramasdan, K. M.ning otasi qizini Kosonsoy tumani «Tergachi» mahallasida yashovchi, 1997 yilda tug‘ilgan F. A.ga unashtirib qo‘ygan. 14 sentyabr kuni I. M. qizning otasining oldiga borib, qizini unga berishini so‘raganida, rozi bo‘lmagan.

Yoshlar ota-onalarining turmush qurishlariga qarshilik qilganidan norozi bo‘lib, o‘zaro kelishgan holda o‘z jonlariga qasd qilishga qaror qiladi. Ular dastlab tuman markazidagi istirohat bog‘i oldida ko‘rishib, so‘ngra dehqon bozoridan osh pichog‘i sotib olishadi. Dala maydoniga kelgach, osh pichoq bilan birinchi bo‘lib K.M. (2000 y. t., qiz) yaxshi ko‘rgan yigiti I.Mning (1999 y. t.) qorin qismiga bir marotaba urib, so‘ngra pichoqni I.M ga bergan va qorniga urishni so‘ragan. I.M pichoq bilan K.Mning qorin qismiga bir marotaba urgan vaqtida qiz hushidan ketib yiqilib tushishi oqibatida pichoq qizning qorin qismiga chuqurroq kirib ketgan. Qiz vafot etgan, I.M esa shifoxonaga yotqizilgan.

Ushbu holat bo‘yicha tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari olib borilmoqda.