16 sentyabr kuni ijtimoiy tarmoqlarda Toshkent shahrining bir qancha tumanlarida yashovchi aholi elektr energiyasi o‘chirilganidan shikoyat qilgan xabarlar tarqaldi. Ular elektr energiyasi hisob-kitobini nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi bilan bog‘liq muammolarni qayd etishgan.


Elektr energiyasi qarzdorligi bor fuqarolar uchun uzilganligi aytilmoqda. Lekin, to‘lov amalga oshirilishiga qaramasdan, elektr energiyasining uzatilishi bir necha soatdan beri tiklangani yo‘q.



«Gazeta.uz» «Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasi matbuot xizmatiga izoh so‘rab murojaat qildi.

«Hududiy elektr tarmoqlari» ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunda aholining yetkazib berilgan elektr energiyasi oldidagi qarzdorligi 2,33 trln so‘mni tashkil etadi. Elektr energiyasini hisobga olish va nazorat qilishning avtomatlashtirilgan tizimi (EEHO va NQAT) bosqichma-bosqich ishga tushirilishi natijasida qarzdor iste’molchilarni ommaviy o‘chirishni boshlagan.

Buning natijasida 16 sentyabr kuni respublika bo‘yicha 58 217 nafar qarzdor iste’molchi elektr energiyasi tarmog‘idan o‘chirilgan. Ushbu o‘chirilgan iste’molchilar umumiy qarzodligi 8,9 mlrd so‘mni tashkil etadi.

Qarzdorlikni to‘lagan iste’molchiga, o‘z vaqtida elektr energiyasining ulab berilmasligining asosiy sababi, bir vaqtning o‘zida ommaviy o‘chirish va qayta ulash bo‘yicha so‘rovlarga ishlov berish bo‘yicha tizimga yuklanish haddan ziyod ortib ketgan. Shu boisdan tizim qayta ulanishni 4−5 soatga kechikib amalga oshirdi, deyiladi «Hududiy elektr tarmoqlari» kompaniyasi izohida.

Kompaniya ayni paytda tarmoqdan uzib qo‘yilgan iste’molchilar tarmoqqa to‘liq qayta ulanganini aytmoqda.

«Shuni alohida aytib o‘tamiz, yetkazib berilgan elektr energiyasidan qarzdor bo‘lgan iste’molchini avtomatik ravishda o‘chirilish davom etadi. Kelajakda elektr tarmoqdan uzilishning oldini olish maqsadida, xurmatli iste’molchilar, iste’mol qilingan elektr energiyasi uchun o‘z vaqtida to‘lovlarni amalga oshirishingizni so‘raymiz», — deyiladi bayonotda.