Jahon banki inqirozdan keyin global iqtisodiyotning tiklanish muddatlarini taxmin qildi

Foto: World Bank / Heather Elliott

Jahon banki bosh iqtisodchisi Karmen Reynxart global iqtisodiyotning koronavirus inqirozidan keyingi tiklanish jarayoni besh yil davom etishini taxmin qildi. «Barcha karantin cheklovlari bekor qilingani sababli tiklanish tez ro‘y berishi mumkin, ammo to‘liq tiklanish jarayoni besh yilgacha davom etadi», ― dedi mutaxassis. Shu bilan birga, Reynxart inqirozdan so‘ng dunyoda qashshoqliq darajasi oxirgi 20 yil ichida birinchi marta o‘sishini ta’kidladi. Iqtisodchining fikriga ko‘ra, pandemiya tufayli yuzaga kelgan inqiroz dunyoda tengsizlikni kuchaytiradi. — RIA Novosti

Bill Geyts AQSHda koronavirusga qarshi vaksinaning chiqish muddatlarini taxmin qildi

Foto: gatesnotes.com

Microsoft asoschisi Bill Geytsning fikriga ko‘ra, oktyabr oyining oxiriga qadar AQSHda koronavirusga qarshi emlashni boshlash uchun imkoniyat yo‘q va shu vaqtga qadar mamlakatda faqat bitta vaksina sinovlardan o‘tishi mumkinligini aytdi. «Vaksinalarning hech biri AQSHda oktyabr oyi oxiriga qadar test sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tmasligi mumkin… Agar barchasi yaxshi bo‘lsa, oktyabr oxirigacha foydalanishga ruxsat berilishi mumkin bo‘lgan yagona vaksina — bu Pfizer bo‘ladi», ― deydi Microsoft asoschisi. Biroq, Bill Geyts, agar bir necha vaksinalarning samaradorligi isbotlansa, ular dekabr yoki kelgusi yil yanvar oylariga qadar foydalanish uchun tasdiqlanishi mumkinligiga umid qilmoqda. — RIA Novosti

Liviya bosh vaziri yaqinda iste’foga chiqishini e’lon qildi

Liviya milliy kelishuv hukumati rahbari Faiz Saraj yaqinda iste’foga chiqishini e’lon qildi. «Men o‘z vakolatlarimni oktyabr oyining oxiriga qadar yangi ijro hokimiyatiga o‘tkazishni chin dildan istayman», — dedi Saraj. Bosh vazir bu rejasini ketish muddatigacha muzokara qo‘mitasi o‘z ishini yakunlashi va yangi prezident kengashining tuzilishi bilan izohladi. Saraj, shuningdek, tez orada parlament va prezident saylovlari muvaffaqiyatli o‘tkazilishiga umid bildirdi. — lenta.ru

Aleksey Navalniy nomzodi Nobel mukofotiga ilgari surildi

AQSHdagi bir necha universitet professor-o‘qituvchilari siyosatchi Aleksey Navalniyni Nobel mukofotiga nomzod qilib ko‘rsatishdi. Bu haqda rossiyalik olim, Nyu-Jersidagi Rutgers universiteti professori Sergey Yerofeyev o‘zining Facebook sahifasida e’lon qildi. Sergey Yerofeyev aniq ismlarni aytmadi, ammo Navalniyning nomzodini ilgari surganlar orasida «katta odamlar» borligini va jamoat tez orada ularning ismlarini eshitishini ta’kidladi. — Yerofeyev Facebook sahifasidan

«Yandeks.Dengi» rebrendingdan so‘ng «YuMoney» bo‘ladi

Foto: money.yandex.ru

«Yandeks.Dengi» kompaniyasi rebrending qilganidan so‘ng «YuMoney»ga aylanadi, deyiladi kompaniya xabarida. Hozirda «Yandeks.Dengi» Rossiyaning «Sberbank"iga tegishli. «YuMoney» elektron to‘lovlar xizmatini ko‘rsatishni davom ettiradi. «Kompaniya 15 dekabrdan keyin butunlay yangi brendga o‘tadi va shu paytgacha yangi va eski brendlardan bir vaqtning o‘zida foydalanish mumkin bo‘ladi. Yangi brend kompaniyaning Rossiyadagi elektron pul bozorida yetakchi sifatidagi qadriyatlarini aks ettiradi», — deyiladi xabarda. — Interfaks