Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumanidagi 11-umumta’lim maktabida o‘quv yili boshlanishining birinchi kunida, ushbu maktabning 9-sinf o‘quvchisi dars vaqtida vafot etdi, deya xabar berildi Sevimli telekanali Zamon ko‘rsatuvida.

Hodisa uchinchi soat, informatika darsida yuz bergan. O‘quvchi dars tugashiga 15 daqiqa qolganda hushidan ketgan. 9-sinf o‘quvchisi (qiz bola) ko‘rsatilgan birinchi yordamga qaramay vafot etgan.

Maktab direktori o‘rinbosari Dilnoza Hatamovaning so‘zlariga ko‘ra, dars vaqtida vafot etgan 9-«V» sinf o‘quvchisining holati ertalab maktabga kelganida juda yaxshi, tana harorati ham joyida bo‘lgan. Barcha o‘quvchilar qatorida antiseptik vositalar bilan zararsizlantirilgan.

Informatika o‘qituvchisining aytishicha, odatda o‘quvchi darslarda yaxshi qatnashgan, biroq ushbu kuni u darsda deyarli faol bo‘lmagan.

Aynan shu kuni «Xavaslik» qishloq vrachlik punkti shifokorlari 1-sinf o‘quvchilarini emlash uchun maktabga borishgan. Ular hushidan ketgan o‘quvchiga birinchi yordam ko‘rsatishgan. Qizda hayot uchun hech qanday belgi ko‘rinmagan bo‘lsa-da, unga o‘pka-yurak reanimatsiyasini amalga oshirilgan. 15 daqiqalik reanimatsiya harakatidan so‘ng ham bemorda hayotlik belgilari tiklanmagan. Bundan tashqari, o‘quvchi qizga tashqi yurak massaji qilingan va sun’iy nafas berib, birinchi tibbiy yordam ko‘rsatilgan. Ammo buning foydasi bo‘lmagan.

Ayni vaqtda o‘quvchi qizning to‘satdan vafot etish sababi noma’lum. Holat yuzasidan huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari tomonidan surishtiruv va ekspertiza ishlari olib borilmoqda.