Qashqadaryo viloyatida Chiroqchi tumanida IIB xodimlari tomonidan kaltaklanishi oqibatida vafot etgan fuqaroning turmush o‘rtog‘i sudlanuvchilarni kechirib, sud zalidan ozod qilishni so‘radi. Bu haqda sud majlisida qatnashgan «Daryo» muxbiri ma’lum qildi.

16 sentyabr kuni bo‘lib o‘tgan sud majlisida, marhumning turmush o‘rtog‘i Go‘zal Abdiyeva so‘zga chiqqan.

«Men faqat bularning bolalarini o‘ylayman. Bularning ham ayollari bordir. Shularni o‘ylayman. Sakkiz oy davomida zor qaqshab yig‘ladim. O‘zimdan o‘tganini o‘zim bilaman. Lekin bu kunlarni dushmanimga ham ravo ko‘rmayman. Ko‘zim oldida faqat bularning farzandlari ko‘rinyapti. Ularning dadam qachon keladi, dadam qachon keladi, degan gapi eshitilyapti. Mening farzandlarim otasini yo‘qotdi. Otasining mehriga zor bo‘ldi. Lekin bularning farzandlari kutib turibdi. Hozir bu yerda bularning onalarining bag‘ri qanchalar ezilyapti. Mayli, men Xudoga soldim, Xudo ko‘rsatsin. Prezidentimiz qanchadan qancha insonlarni avf qilyapti. Nahotki, men shu ikki insonni kechirmasam», — dedi marhumning turmush o‘rtog‘i Go‘zal Abdiyeva.

Jabrlanuvchi ayol sudlanuvchilarni 50 yilga qamassa ham eri tirilmasligini, shuning uchun ularni sud zalidan ozod qilishni so‘radi.

«Qalbimda og‘riq bor. Meni shu yukdan xalos qiling va adolatli hukm chiqaring… Mening farzandlarim yetim bo‘ldi. Endi bularning farzandlari tirik yetim bo‘lmasin. Men qiynalganim yetadi. Bularning ayollari boshiga ham mening kunim tushishini xohlamayman — bu ikkalasini ham ozod qilishingizni so‘rayman. Mayli, bularni chiqaring, vijdoni qiynalsin. Bularni chiqarmasangiz, men yelkamda og‘ir yukni ko‘tarib yashayotgandek his qilyapman o‘zimni», — deydi u.

«Daryo» muxbirining xabar berishicha, navbatdagi sud majlisi 2020 yil 17 sentyabr kuni soat 10:00 da davom ettiriladi.

Eslatib o‘tamiz, yanvar oyida Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining Langar qishlog‘ida yashovchi fuqaro Yu. A. chorva mollari o‘g‘irligida gumon qilinib, tuman IIB xodimlari tomonidan qattiq kaltaklanishi oqibatida vafot etgan edi. Holat bo‘yicha o‘sha paytdayoq jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan, bir qator IIB xodimlarining hibsga olinishidan tashqari tuman va viloyat IIBdagi qator mas’ul xodimlar ham ishdan olingan.

Ushbu jinoyat ishi O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi K. Tolliboyev raisligida hamda sudyalar E. Ergashev va R. Orziqulovdan iborat sud tarkibida ko‘rilmoqda.