Urganchda xalqaro Binary (Malayziya) universiteti filiali tashkil etildi, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati. 17 sentyabr kuni Vazirlar Mahkamasining bu haqdagi tegishli qarori imzolandi.

Qarorga muvofiq, tadbirkorlik va boshqaruv, ijtimoiy-iqtisodiy hamda iqtisodiyotning ehtiyoj yuqori bo‘lgan boshqa sohalari bo‘yicha malakali oliy ma’lumotli kadrlarni tayyorlash Filialning asosiy vazifa va faoliyat yo‘nalishlaridan biri hisoblanadi.

Filial nodavlat oliy ta’lim tashkiloti bo‘lib, o‘qish ingliz, rus va o‘zbek tillarida to‘lov-kontrakt asosida amalga oshiriladi.

Filialda bakalavriatning kunduzgi va sirtqi ta’lim shakllari hamda magistratura bo‘yicha kadrlar tayyorlanadi.

Filialning har yilgi qabul parametrlarining 5 foizidan kam bo‘lmagan qismi ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning qobiliyatli, iqtidorli hamda o‘zlashtirish ko‘rsatkichlari yuqori bo‘lgan farzandlari orasidan tanlov asosida abituriyentlarni bepul (Filial granti asosida) o‘qishga qabul qilish uchun ajratiladi.

Shuningdek, Filialda professor-o‘qituvchilar tarkibining 40 foizidan kam bo‘lmagan qismi malakali xorijiy professor-o‘qituvchilar bilan to‘ldiriladi.

Filial bitiruvchilariga O‘zbekiston va Malayziyada oliy ta’lim to‘g‘risidagi hujjat sifatida tan olinadigan Universitetning belgilangan namunadagi diplomi beriladi.

Xorazmda Binary filialini ochish to‘g‘risidagi uch tomonlama shartnoma 3 iyun kuni onlayn marosimda imzolangan edi. 2019 yil martida esa Toshkent moliya institutida Binary universiteti bilan hamkorlikda «Binary Graduate School» qo‘shma fakulteti tashkil etilgan edi.

Ma’lumot uchun, Binary xususiy OTM bo‘lib, 1984 yilda tashkil etilgan. Universitet menejment, axborot texnologiyalari va tadbirkorlik ta’limi sohalariga ixtisoslashgan.