O‘zbekiston prezidentining 15 sentyabrdagi farmoni bilan Turobov Bahodir To‘xtamishovich Hisob palatasi raisining birinchi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi, deya xabar qildi palata matbuot xizmati.

Foto: Hisob palatasi.

Bahodir Turobov 1972 yil Surxondaryo viloyatida tug‘ilgan. 1994 yil Toshkent moliya institutini iqtisodchi mutaxassisligi, 2000 yil Bank-moliya akademiyasini moliya mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. 2007 yilda iqtisod fanlari nomzodi ilmiy darajasini olgan. 2011−2015 yillarda Moliya vazirligi boshqarma boshlig‘i, Bosh boshqarma boshlig‘i vazifasida mehnat qilgan.

2015−2017 yillarda «O‘zpaxtasanoateksport» xolding kompaniyasi bosh boshqarma boshlig‘i lavozimida faoliyat olib borgan. 2017−2018 yillarda Hisob palatasi bosh inspektori, sho‘’ba mudiri sifatida mehnat qilgan. 2018−2019 yillarda esa Davlat soliq qo‘mitasida rais o‘rinbosari vazifasida ishlagan. 2019 yil sentyabrdan tayinlovga qadar Hisob palatasi raisi o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Foto: Bosh prokuratura.

Prezidentning xuddi shu farmoni bilan Saidkarimov Saidlaziz Saidasilovich Hisob palatasi Raisi o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi.

U 1982 yil Toshkent viloyatida tug‘ilgan. 2002 yil O‘zbekiston Milliy universitetini huquqshunoslik mutaxassisligi bo‘yicha tamomlagan. Saidlaziz Saidkarimov 2002—2009 yillarda Sirdaryo viloyati prokuraturasi tizimida turli vazifalarda ishlagan.

2009−2018 yillarda O‘zbekiston Bosh prokuraturasining boshqarma prokurori, katta prokurori, boshqarma boshlig‘i o‘rinbosari, boshqarma boshlig‘i lavozimlarida faoliyat olib borgan. 2018 yil fevraldan tayinlovga qadar O‘zbekiston bosh prokurori o‘rinbosari lavozimida ishlab kelgan.

Hisob palatasi raisi lavozimi 2019 yil martdan, Muzraf Ikromov Qashqadaryo viloyat Adliya boshqarmasi boshlig‘i, so‘ngra adliya vaziri o‘rinbosari lavozimiga tayinlangandan buyon vakant bo‘lib qolmoqda.