Respublika maxsus komissiyasi qaroriga ko‘ra, binolar va boshqa ob’ektlarga kirishda dezinfeksiya tunnellaridan foydalanish taqiqlandi. Bu haqda SSV matbuot kotibi Furqat Sanayev xabar berdi.

U qaror Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti tavsiyasiga asoslanib qabul qilinganligini ta’kidladi. Endilikda ob’ektlarning kirish kismida tashkil qilish uchun qulay joyda teri uchyn antiseptik eritmalari bo‘lgan sanitayzer-dispanser qurilmalari o‘rnatish amaliyoti joriy etiladi.

Sentyabr oyining boshida Sog‘liqni saqlash vazirligi dezinfeksiya tunellarini koronavirusga qarshi eng foydasiz chora, deb atadi va ularning inson sog‘lig‘iga bo‘lgan zararini ta’kidladi.

Respublika ixtisoslashtirilgan allergologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, tibbiyot fanlari doktori, professor Ilmira Raziqova bunday tunnellarda ishlatiladiga xlorli eritmalarning inson organizmiga zararli tomonlari haqida qayd etgan edi.

Bir ozdan so‘ng Koronavirusga qarshi kurash shtabi a’zosi, epidemiolog Rustam Ikromov dezinfeksion tunnellarni himoya qilib, ularning samarali ekanligini va ulardan foydalanishda davom etish kerakligini ta’kidladi. Xususan u mamlakatda o‘tkir ichak yuqumli kasalliklari yoki Gepatit A kasalligining kamayganligini dezinfeksion tunnellardan foydalanishga bog‘ladi.

May oyining o‘zidayoq JSST dezinfeksiya vositalarini yopiq binolarda sepish yoki fumigatsiya qilish (kimyoviy gazlar bilan zararsizlantirish) koronavirus holatlarida samarasiz ekanligi xaqida xabar bergan edi. Bundan tashqari, bunday dezinfeksiya vositalari ko‘zga zarar yetkazishi, nafas yo‘llari va teriga ziyon yetishi mumkinligini ham ta’kidlagan edi.


Bahordagi karantin vaqtida ko‘chalarni dezinfeksiya qilish ishlari shunday mashinalar yordamida ham amalga oshirildi. Foto: «Gazeta.uz».

Ko‘chalarni dezinfeksiya qilish uchun jalb etilgan maxsus transport vositalari eritmalarni ko‘chadan o‘tayotganlarga sepishgan holatlar ham bo‘lganligi «Gazeta.uz»ga ma’lum.