Prezident parlamentga murojaatida oliy ta’lim tizimidagi vazifalardan birini belgilab bergan: chet el tajribasi asosida oliy ta’lim standartlarini takomillashtirish, uning yo‘nalishlari va o‘rganilayotgan fanlar tuzilishini qayta ko‘rib chiqish. Tanlangan mutaxassislik bilan bog‘liq bo‘lmagan fanlarning soni ikki karra qisqartirilishi kerakligi ta’kidlangan.

Faylasuf, sotsiolog va antropolog Valeriy Xan belgilab qo‘yilgan vazifalar asosida O‘zbekistondagi tabiiy fanlar va texnika universitetlarida ijtimoiy fanlar bo‘yicha qanday o‘zgarishlar kutilishi mumkinligini tahlil qiladi.

Navbatdagi «optimallashtirish»: ijtimoiy-gumanitar fanlarni qisqartirish

Mana, yangi o‘quv yili boshlandi. Oliy ta’lim vazirligi va oliy o‘quv yurtlari rektorlari «tanlangan mutaxassislik bilan bog‘liq bo‘lmagan» fanlar sonini kamaytirish masalasini qanday hal etadi?

Asosiy savol: «tanlangan mutaxassislik bilan bog‘liq bo‘lmagan» fanlar deganda nimani tushunish kerak? Muayyan fan u yoki bu mutaxassislikka tegishli yoki yo‘qligini kim hal qiladi? Bir qator universitetlarda rektor va prorektorlarning mutaxassisliklari ular rahbarlik qilayotgan universitet profiliga to‘g‘ri kelmaydi. To‘g‘ri kelsa ham, ko‘pchiligi taniqli va ilg‘or fikrlovchi mutaxassislar emas. Ilmiy darajaning mavjudligi, ayniqsa, ijtimoiy-gumanitar fanlar sohasida (ularning mafkuraviy tarafkashligi va kafedralar, ixtisoslashgan kengashlar hamda Oliy attestatsiya komissiyasi barcha dissertatsiyalarni, shu jumladan, xomligi ochiq ko‘rinib turgan ishlarni tasdiqdan o‘tkazishi hisobiga) har doim ham ushbu darajaga ega shaxslar olim bo‘lishini anglatmaydi.

Oliy ta’lim tizimidagi «islohotlar», aniqrog‘i, ularga taqlid qilishga (avvalgi «optimallashtirish» islohotlaridan kelib chiqib) kelsak, bizning shundoq ham jahon reytingining quyi qismida turgan ta’lim tizimimiz tobora yomonlashmoqda. Bir necha yil oldin o‘qituvchilarni universitetlarda kechgacha olib qolingani va ularning aksariyati xorijiy tillarni bilmasada (!), chet el darsliklarini tarjima qilishga majbur qilinganini eslash kifoya.

Yoki falsafa, mantiq, etika va estetikani qanday qilib bir fanga birlashtirib, hech kimga kerak bo‘lmagan tanlov fanga aylantirishganini eslang, bu butun Yevropa bo‘ylab otni yeldirib o‘tishdek gap. Mavzu bo‘yicha tavsiya etiladigan adabiyotlar 2017 yildan keyingi nashrlar bo‘lishi kerakligi haqida «talab» bor. Vaholanki, yaxshi tanilmagan mualliflarning 2020 yilda chop etilgan eng yangi ishlari xalqaro miqyosda tan olingan olimlarning 10, 20 va hatto 30 yil oldin chiqqan asarlari uchun munosib qo‘shimcha adabiyot bo‘lmasligi mumkin — klassikaga aylangan asarlar haqida esa gapirmasa ham bo‘ladi. Ko‘pchilikda savol tug‘diruvchi rasmiy attestatsiya va reytinglar yoki asosiy doktorantlar (aspirantlar) uchun SCOPUS hamda shunga o‘xshash jurnallarda majburiy maqolalar nashr etish talablarichi?

Texnika va tabiiy fanlar universitetlarida rektorlar ijtimoiy-gumanitar fanlar (IGF)ni shunchaki qisqartirib yuborishi ehtimoli katta.Ammo Prezident oliy ta’lim standartlari, o‘rganilayotgan fanlar yo‘nalishlari va tuzilishi xorij tajribasi asosida qayta ko‘rib chiqilishi kerakligini ta’kidlagan.

Xo‘sh, fiziklarga she’riyat kerakmi? Albert Eynshteyndan Bill Geytsgacha

Chet el universitetlarining o‘quv dasturlari to‘g‘risida gapirishdan avval bir qator asosiy masalalarga to‘xtalib o‘tmoqchiman. Men allaqachon matbuotda bildirgan savol: tabiiy fanlar va texnika universitetlarida ijtimoiy-gumanitar va san’at fanlari o‘qitilishi kerakmi?

Bu g‘alati tuyulishi mumkin, ammo XX asrning taniqli tabiatshunoslik sohasi vakillari — Albert Eynshteyn, Maks Plank, Nils Bor, Verner Karl Geyzenberg, Ervin Shryodinger, Maks fon Laue, Ilya Prigojin (barchasi Nobel mukofoti sovrindorlari) va boshqalar gumanitar bilim, falsafa, adabiyot va san’at o‘zlari uchun qanchalik ahamiyatli degan savol ustida bosh qotirmagan. Gumanitar bilimlarga bo‘lgan ehtiyoj ular uchun aksioma bo‘lgan.

Ma’lumki, Eynshteyn falsafaga (xususan, Spinoza falsafasiga) jiddiy qiziqish bildirgan va uning 70 yoshiga bag‘ishlangan 1949 yilgi yubiley to‘plami bejiz «Albert Eynshteyn. Faylasuf-olim» deb nomlanmagan.

Eynshteynning aytishicha, u boshqa mutafakkirlar va hatto eng buyuk matematik Gaussga qaraganda Fyodor Dostoyevskiydan ko‘proq ta’sirlangan. Buyuk fizik mug‘ombirlik qilganmi? Aslo. Bugungi kunda Dostoyevskiy dunyosidagi «noevklid» makon, romanlaridagi hayotning paradoksal tabiati, bu dunyoni ikki ma’noli mantiq («haqiqat-yolg‘on», «yaxshi-yomon») bilan tavsiflashning imkonsizligi, qahramonlarining hatti-harakatlari va voqealar trayektoriyasining kutilmaganligi — fizikadagi nisbiylik nazariyasining adabiy ekvivalenti bo‘lib, kashfiyotga turtki bergan ushbu barcha narsalar haqida ko‘p yozilgan. Rassomchilikda esa XIX asr oxiri — XX asr boshlaridagi impressionizm va boshqa oqimlar ana shunday ekvivalent va ilmiy kashfiyotga turtki vazifasini o‘tagan.

Eynshteynning mumtoz musiqaga bo‘lgan muhabbati va skripka chalishni yaxshi ko‘rgani haqida ko‘p yozishgan. U Motsart, Bax, Gendel asarlarini ijro etgan. Vaqtining katta qismini (xoh uyda, xoh katta o‘tirishlaru xayriya konsertlarida bo‘lsin) musiqa chalishga bag‘ishlagan. Shuni unutmaslik kerakki, falsafa, adabiyot va musiqa buyuk fizikning shunchaki hordiq chiqarish mashg‘uloti emas, balki Eynshteynning olim sifatidagi shaxsiyati hamda fizik qarashlarining ajralmas qismi bo‘lgan. Ularsiz Eynshteyn fizik olim sifatida namoyon bo‘lmagan bo‘lardi!

Agar uning umr bo‘yi raqibi bo‘lgan kvant mexanikasining asoschilaridan biri Nils Borni oladigan bo‘lsak, uning shogirdi, taniqli fizik Verner Karl Geyzenberg «Ufqdan olislagan qadamlar» kitobida o‘z ustozi haqida shunday yozadi: «Bor avvalambor fizik emas, faylasuf edi; ammo u bizning zamonamizda natur falsafa haqiqatning eksperimental mezonlariga to‘lig‘icha itoat etgandagina kuchga ega bo‘lishini yaxshi bilardi». Bor fortepianoni yaxshi chalar, uchrashuvlarda raqiblar — Bor va Eynshteyn ko‘pincha Motsart, Betxoven, Brams musiqalarini ijro etishardi.

Geyzenbergning o‘zi fizikaning falsafiy masalalariga bag‘ishlangan bir qator asarlar muallifi hisoblanadi. Uning, ya’ni fizik olimning qarashlariga Aflotun, Kant va boshqa faylasuflar katta ta’sir ko‘rsatgan. Geyzenberg «yunon falsafasini bilmay turib, zamonaviy atom fizikasida ilgarilash mumkin emas», deb hisoblagan.

Fizika bo‘yicha yana bir Nobel mukofoti sovrindori Maks fon Laue tarjimayi holida o‘zi uchun falsafaning kashf etilishi haqida shunday yozadi: «U turmushimni butunlay o‘zgartirib yubordi; hatto fizika ham o‘sha paytdan beri menga o‘zgacha ahamiyat kasb etuvchi ilm sohasi bo‘lib tuyilmoqda. Chunki bu ilmning asl mohiyati shundaki, u falsafani muhim qo‘shimcha g‘oyalar bilan ta’minlaydi. Menimcha, barcha fanlarning umumiy markazi falsafa atrofida birlashishi kerak, falsafaga xizmat qilish ularning asl maqsadi hisoblanadi. Bu ilm-fanning muttasil ixtisoslashuviga qarshi ilmiy madaniyat birligini saqlab qolishning yagona yo‘lidir. Mana shu birlik bo‘lmaganida, butun madaniyat zavol topishi mumkin edi».

Boshqa bir Nobel mukofoti sovrindori Maks Plank musiqa va falsafa bilan jiddiy mashg‘ul bo‘lgan. Ushbu mashg‘ulotlar shu darajada professional olib borilgan ediki, yoshligida uning qarshisida hayotini musiqa (u bir nechta musiqa asboblarini chalgan), filologiya yoki fizikaga bag‘ishlash tanlovi turgan. Garchi u fizikani tanlagan bo‘lsada, musiqa bilan shug‘ullanishni davom ettirib, hatto musiqa nazariyasidan dars bergan.

Yana bir fizika bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, bir qator falsafiy asarlar muallifi Ervin Shryodinger qadimgi hind va xitoy falsafasiga katta e’tibor qaratgan, lirikaga qiziqib, she’rlar yozgan.

Ehtimol, bu fizik qarashlarning o‘ziga xos xususiyatidir. Balki haqiqatan ham olimlarning jiddiy falsafiy tayyorgarliksiz va hattoki gumanitar ta’limsiz nisbiylik nazariyasi va kvant mexanikasini (o‘tgan asrda yaratilgan nazariyalar) yaratishi imkonsiz bo‘lgandir? Matematikachi?

Noevklid makon g‘oyasi muallifi, nisbiylik nazariyasining yaratilishiga zamin yaratgan Nikolay Lobachevskiy zamondoshlari matematik uchun «dahshatli jinoyat» hisoblangan ishni odat qilgan: Qozon adabiy to‘garaklarida doimiy ishtirok etgan. Kechqurunlari u oilasini yig‘ib, Gogol asarlarini ovoz chiqarib o‘qigan. Griboyedov, Pushkin, Jukovskiyni yaxshi ko‘rgan. Buyuk matematik yana bir «jinoyat» — qadimgi falsafa va adabiyot bilan ham mashg‘ul bo‘lgan.

«Matematika qiroli» Gauss lotin, fransuz va ingliz adabiyotini yaxshi ko‘rgan; yoshligida uning qarshisida jiddiy tanlov turgan: filologiyami yoki matematika? 60 yoshidan keyin rus tilini o‘rgana boshlagan va unga Pushkin asarlarining asl nusxasini yuborishlarini so‘ragan.

XX asrning eng buyuk matematiklari muvaffaqiyatsiz kurash olib borgan Puankare teoremasini isbotlagan matematik Grigoriy Perelman uchun ham maktabni tugatgach, jiddiy savol tug‘ilgan: konservatoriyaga kirish kerakmi yoki mexanika va matematika fakultetiga? Mayli, bular fizika va matematika. Kimyochi?

XIX asrning taniqli bastakori, «Knyaz Igor» operasi muallifi Aleksandr Borodin tibbiyot doktori, mashhur organik kimyogar bo‘lgan. Kimyoviy elementlarning davriy jadvali bilan butun dunyoga tanilgan Dmitriy Mendeleyev Rossiya Fanlar akademiyasi a’zosi bo‘lmagan, ammo Badiiy akademiyaga qabul qilingan.

Bugunchi? Kimyo bo‘yicha Nobel mukofoti sovrindori, sinergetika — ochiq chiziqli bo‘lmagan tizimlarda o‘zini-o‘zi tashkil etish jarayonlari haqidagi fan asoschilaridan biri Ilya Prigojinga Anri Bergson falsafasi kuchli ta’sir ko‘rsatgan. Prigojin «o‘zgaruvchanlik falsafasi»ning asoschisi va ilm-fan falsafasiga oid bir qator asarlar muallifidir. Ammo uning arxeologiya fanlari doktori bo‘lgani (va dunyodagi eng nufuzli universitetlarda bu fandan ma’ruzalar o‘qigani), tarix, rassomchilik sohalari bilimdoni, pianinochi va bastakor bo‘lgani hammaga ham ma’lum emas!

Ro‘yxatni yana uzoq davom ettirish mumkin. Misollarning salmog‘i shu qadar kattaki, ortiqcha gapga hojat qolmaydi. Bu tasodifiy o‘xshashlik emas: matematiklar, fiziklar va kimyogarlar — hech bo‘lmaganda ular orasida ko‘zga ko‘ringan olimlar uchun «she’riyat» haqiqatan ham zarur bo‘lgan. Ammo buning sababi nima?

Bugungi kunda yaxshi ma’lumki, har qanday ijod turi, shu jumladan, ilmiy ijod, juda ko‘p omillar ta’sir ko‘rsatuvchi murakkab jarayon hisoblanadi. Ilmiy kashfiyotlar, ayniqsa, mashhur topilmalar hech qachon tor sohaga ixtisoslashgan bilimlarning o‘zi bilangina yaratilmagan.

Ushbu kashfiyotlarni shunchaki ilmiy darajaga ega bo‘lgan olimlar emas, taniqli shaxslar va g‘ayrioddiy, ko‘p qirrali shaxslar yaratgan. U yoki bu kashfiyot tarixini yaratishda barcha narsa muhim rol o‘ynaydi: bo‘lajak olimning bolaligi, sevimli mashg‘ulotlari, fe’l-atvori, hayotiy tajribasi, professional muhit va boshqalar.

Buyuk olimlarning hayot yo‘li shuni ko‘rsatadiki, ularning barchasi keng dunyoqarashi, mutaxassisligiga bevosita bog‘liq bo‘lmagan mashg‘ulotlarga ishtiyoq qo‘ygani bilan ajralib turardi. Olimning dunyoqarashi qanchalik keng bo‘lsa, uning ijodiga ta’sir ko‘rsatuvchi omillar shuncha ko‘p bo‘lgan. Hatto aytish mumkinki,maxsus sohalardagi ilmiy muvaffaqiyatlar olimning dunyoqarashi va sevimli mashg‘ulotlarining kengligi bilan to‘g‘ri proporsionaldir.

Bundan tashqari, inson tafakkuri bir tomondan mantiqiy, ratsional, sistematik va ongli, boshqa tomondan intuitiv, hissiy va obrazli xarakterga ega. Haqiqiy ijod jarayonida bu ikkala tomon bir-biriga uzviy bog‘langan.

Ilmiy kashfiyotlar har doim ikkala tomonning o‘zaro ta’siri natijasida ro‘y beradi. Bugungi kunda ilm-fanning buyuk muammolarini hal qilishning mantiqiy, matematik yoki fizik formulasi yaratilishidan avval doim intuitiv, yaxlit obrazlar shakllanishi isbotlangan. Obrazli tafakkur, tasavvurlarning teranligi adabiyot va san’at olami bilan tanishish orqali sayqal topadi.

Ehtimol, falsafa, adabiyot va san’atga bo‘lgan ishtiyoq fundamental fanlar: fizika, kimyo, matematika bilan shug‘ullanadigan kishilarning tafakkur yuritish tarziga xos xususiyatdir?

Mana, hozir kompyuter texnologiyalari asri, raqamli iqtisodiyot, sun’iy idrok, bevosita amaliy ahamiyatga ega bo‘lgan ilm-fan sohalari (har qanday amaliy fan nazariy fanlar asosiga qurilishi va ularni chetlab o‘tish imkonsiz ekanini yaxshi bilsak ham) jadal rivojlanmoqda. Zamonaviy IT-mutaxassislari XX asrning buyuk fiziklari singari gumanitar bilimlarga muhtoj bo‘lmasligi mumkin.

Biznes va zamonaviy texnologiyalar sohasining nufuzli vakillariga to‘xtalib o‘tsak.

IT pioner, Apple, NeXT va Pixar kompaniyalari asoschisi Stiv Jobs:«Men barcha texnologiyalarimni Suqrot bilan bir kunlik suhbatga almashgan bo‘lardim», — degan edi (2001). Bu fikr Eynshteynning Dostoyevskiy haqidagi iqroriga o‘xshab ketmaydimi? Ehtimol, «raqamli inqilob otasi» mug‘ombirlik qilgandir? Aslo.

2010 yilgi iPad taqdimotida Jobs yana shunday degan: «Apple DNKsida texnologiyaning o‘zi yetarli emas degan g‘oya yotadi. Bizga umumiy ta’lim, gumanitar fanlar bilan uyg‘unlashgan texnologiya kerak va bunday texnologiya qalbimizni junbushga keltira oladi».

Jobsning Zen-buddizm falsafasiga qiziqqani yaxshi ma’lum, bu uning «tafakkur minimalizmi» tamoyillariga ta’sir ko‘rsatgan.

Microsoft asoschisi va dunyodagi eng badavlat kishilardan biri Bill Geyts: «Bolalarimning, albatta, kompyuterlari bo‘ladi. Ammo ular, birinchi navbatda, qo‘liga kitob oladi», — degan edi.

Geytsning o‘zi ko‘p kitob o‘qigan. U xuddi shu kitoblarni boshqalarga ham tavsiya qiladi. Bu dasturlash, ya’ni Geytsning o‘zi mashg‘ul bo‘lgan soha bo‘yicha kitoblar emas. Ular tarix, adabiyot, siyosat, psixologiya, ta’lim, ekologiya, sog‘liqni saqlashga oid kitoblar, taniqli shaxslarning memuarlari va tarjimayi hollaridir. Geyts o‘zi erishgan yutuqlari haqida shunday deydi:«O‘ylashimcha, ko‘p mutolaa qilishga imkonim bo‘lgani uchun ko‘p narsaga erishdim». Bu mutolaa nafaqat bilim berishi, balki fikrlash va tasavvur qilishni ham rag‘batlantirishi, busiz hech qanday sohada yutuqqa erishib bo‘lmasligini anglatadi.

Geytsning fikriga ko‘ra, uning dunyoqarashini o‘zgartirgan kitoblar professor Vatslav Smilning «Energiya va sivilizatsiya: tarix» (Geyts Smilning barcha — 36 asarini o‘qib chiqqan), Garvard universiteti professori Stiven Pinkerning «Bugungi ma’rifat», shved muallifi Xans Roslingning dunyoqarash stereotiplari haqidagi «Faktlarga asoslanish: dunyo haqida noto‘g‘ri fikrlashimizning o‘nta sababi va nima uchun voqelik ko‘ringanidan yaxshiroq» hamda isroillik tarixchi Yuval Noy Hararining «Sapiens: insoniyatning qisqacha tarixi» asarlaridir. E’tibor bersangiz, bularning birortasi ham dasturlash haqida emas!

Taniqli kompyuter biznesi vakili, Glue Mobile, Meebo, Rally Healthy va MemSQL kompaniyalarining kadrlar bo‘yicha vitse-prezidenti hamda direktori Tom Perrolt «Harvard Business Review» sahifasida quyidagicha fikr bildiradi: «Kompaniyalar ko‘proq gumanitar bilim va ko‘nikmalarga ega xodimlarni jalb qilish orqali ertangi kunga tayyorgarlik ko‘ra boshlashlari kerak. Mazkur kompaniyalar ko‘p yillar davomida murakkab nazariy muammolar ustida bosh qotirgan va ularni batafsil tushuntirib bergan faylasuflar yoki tarixchilarga qarshi turish o‘rniga, ushbu talabalar egallagan ko‘nikmalar ertangi kunning yetakchisi bo‘lishiga yordam berishini tushunishlari kerak».

Zamonaviy xorij tajribasini o‘rganish haqida gapiradigan bo‘lsak, AQSH va Buyuk Britaniyaning texnika universitetlarida gumanitar fanlar hajmi 30 foizga teng.

Butun ilm-fan tarixi, xorij amaliyoti va jahon ekspertlari fikrlari shundan dalolat beradiki, tabiiy va texnik fanlar universitetlari uchun gumanitar fanlar, adabiyot va san’at zarur. Agar ulardan voz kechsak, XX asrning birinchi yarmidagi muvaffaqiyatsizlikka uchragan ixtisoslashgan ta’lim tizimiga qaytamiz.

Zamonaviy ta’lim shaxsni rivojlantirish, uning axloqiy va kognitiv fazilatlarini (ijodiy, tanqidiy, tizimli va nostandart fikrlash, keng dunyoqarash, hissiy idrok, muloqot qilish qobiliyati va boshqalar) takomillashtirishga asoslangan shaxsga yo‘naltirilgan ta’lim tizimiga o‘tish orqali rivojlanadi… Bularga gumanitar va san’at fanlarisiz erishib bo‘lmaydi.

Yana bir narsa: bugungi kunda ko‘plab kurslar fanlararo integrallashgan uslubda, shu jumladan, tabiiy, texnik va gumanitar fanlar kesishmasida o‘qitiladi.

Ijtimoiy-gumanitar fanlar: qanday bo‘lsa shundayligicha qoldirish kerakmi?

Aslo. Ijtimoiy-gumanitar fanlarning, kamdan-kam istisnolardan tashqari, hozirgidek o‘qitilishi foyda keltirmaydi va talabalar buni adolatli ravishda rad etadi.

Masalan, maktabda bir necha yil davomida juda sinchkovlik bilan o‘rganilgan va mazmunan maktab materialini takrorlaydigan fanlarni qayta o‘tish kerakmi? Yo‘q.

Bundan tashqari, ba’zan ijtimoiy-gumanitar fanlarni ular bilan yaqindan tanish bo‘lmagan odamlar o‘qitadi: filolog falsafadan, sotsiolog dinshunoslikdan dars beradi, muhimi, o‘quv yuki to‘lib-toshsin.

Duch kelgan odam o‘zi bilmagan narsani o‘qitishi sababli, u matndan tashqariga chiqa olmaydi va shunchaki darslikni so‘zma-so‘z o‘qib beradi. Natijada, juda muhim mavzular zerikarli, rasmiy ravishda, ruhsiz o‘qitiladi, bu esa talabalarda ham xuddi shunday munosabatni yuzaga keltiradi.

Butun kursdagi talabalar birgalikda u yoki bu fanni bekor qilishni talab qilgan holatlar ham bo‘lgan. Aslida, bu muhim fan bo‘lgan, ammo juda yomon o‘qitilgan. Kafedralar, dekanatlar, universitet ma’muriyati qanday qilib o‘qituvchini bekor qoldirmaslik, uning manfaatlari haqida o‘ylaydi, lekin talaba haqida, davlat manfaatlari haqida umuman o‘ylamaydi. Mana shunaqa aqli kaltalik qilishadi.

Bundan tashqari, ijtimoiy-gumanitar fanlar ko‘pincha yodlash kerak bo‘lgan qandaydir bir ma’lumotlar yig‘indisi sifatida o‘qitiladi, ular siz egallaydigan mutaxassisligingizga qanday aloqasi borligi esa noma’lumligicha qoladi. Talabalar nima uchun u yoki bu fan ularga majburiy o‘qitilganini hech qanaqasiga tushuna olmaydi.

Ijtimoiy-gumanitar fanlar mafkuraga bo‘ysundiriladi, ko‘pincha tarbiyaviy dars, nasihat shaklida, dogmatik tarzda o‘qitiladi, go‘yo talabalar buni o‘zlashtirishga majburdek. Vaholanki, bu talabalar orasida faqat e’tirozga sabab bo‘ladi. Oliy ta’lim vazirligi talabalarning «Milliy istiqlol g‘oyasi» (MIG‘) yoki «Milliy g‘oya va ma’naviyat asoslari» kabi fanlarga munosabatidan xabardormikin?

Yuqorida ijtimoiy-gumanitar fanlarni o‘qitish, ayrim istisnolarni aytmasa, hech qanday foyda keltirmasligini aytib o‘tdim. Endi tushuntirib beraman: ularni hozirgi shaklda o‘qitish hatto zararli, chunki ular jonli fikrni o‘ldiradi, ijodiy izlanishlar ufqini toraytiradi, dogmatik qarashlar va johillikni rag‘batlantiradi.

Xo‘sh, agar ijtimoiy-gumanitar fanlar foyda keltirmasa va hatto zararli bo‘lsa, ehtimol ular universitetlarda, ayniqsa, tabiiy fanlar va texnika universitetlarida umuman kerak emasdir? Yo‘q, juda kerak. Xuddi Eynshteyn va Geytsga kerak bo‘lganidek, bizga ham zarur. Hozirgi shaklda o‘qitilsa, kerak emas. Ammo qanday o‘qitilishi kerak?

Birinchidan, ular yanada ixtisoslashgan va fanlararo integrallashgan tartibda o‘tilishi mumkin. Dinshunoslik fanini oladigan bo‘lsak, bu yo‘nalishni, masalan, huquq, psixologiya, sotsiologiya, san’at, siyosat kabilar o‘qitiladigan tegishli universitetlarda «Din va huquq», «Din psixologiyasi», «Din sotsiologiyasi», «San’atdagi diniy motivlar», «Zamonaviy diniy ekstremizm» kabi kurslar orqali o‘tish mumkin.

Turli universitetlarda gumanitar fanlarni o‘qitish universitet profiliga mos ravishda turlicha bo‘lishi kerak, chunki barcha ilmiy sohalarda differensiatsiya jarayoni amalga oshirilib, buning natijasida yangi ixtisoslashgan fanlar shakllanadi.

Masalan, barcha universitetlarda oddiy falsafa o‘qitiladi. Axir fizika falsafasi, matematika falsafasi, biologiya falsafasi, siyosat falsafasi, texnika falsafasi kabi kurslar mavjud. Differensiatsiya tarix faniga ham ta’sir ko‘rsatdi. Bugungi kunda tarixiy antropologiya, tarixiy sotsiologiya, kvantitativ tarix, tarixiy geografiya, tarixiy demografiya, tarix falsafasi, tarix kartografiyasi, tarixiy antropometriya va boshqalar umumiy tarix fanidan ajralib chiqqan.

Antropologiya fani esa bugungi kunda fizik antropologiya, madaniy antropologiya, falsafiy antropologiya, tibbiy antropologiya, shahar antropologiyasi, oila antropologiyasi kabilarga bo‘lingan. Sotsiologiyani oladigan bo‘lsak, din sotsiologiyasi, huquq sotsiologiyasi, madaniyat sotsiologiyasi, fan sotsiologiyasi va boshqalar mavjud. Barcha ijtimoiy-gumanitar fanlar shu kabi tor ixtisosliklarga ajralgan.

Gumanitar fanlar bo‘yicha darslarda ularning kerakliligi borasida shubha tug‘dirishi mumkin bo‘lgan umumiy nazariy bilimlar emas, balkinazariy savollar amaliy muammolarni hal qilishga xizmat qiladiганфuнкционал savodxonlik shakllantirilishi kerak.

Ikkinchidan,yuqorida sanab o‘tilgan kurslar tabiatan fanlararo integrallashgan xususiyatga ega. Ko‘lami va nimaga yo‘naltirilganligiga qarab ular xilma-xil bo‘lishi, katta nazariy kurslardan (fizika falsafasi, tarixiy antropometriya, tibbiy antropologiya, din sotsiologiyasi va boshqalar) tortib torroq maxsus kurslar va maxsus seminarlargacha farqlanishi mumkin.

Masalan, fizika fakultetining «Nisbiylik nazariyasi» kafedrasi talabalariga maxsus kurs yoki «Dostoyevskiyning noevklid makoni va nisbiylik nazariyasi» nomli seminar, kvant mexanikasi kafedrasi talabalariga «Xudo oshiq o‘ynaganmi: Eynshteyn-Bor bahsining falsafiy asoslari», optik kafedrasi talabalariga «Optik va zamonaviy fotosuratlar» kabi seminarlarni tashkil etish mumkin. Tarix fakultetida «Jahon tarixining matematik modellari», «Tarix fanida fizik-kimyoviy isbotlash usullari» yoki «Tarixiy shaxslarning psixologik portretlari» kurslarini yo‘lga qo‘yish mumkin. Ushbu turdagi kurslar fakultativ yoki tanlov asosida o‘tkazilishi mumkin.

Aytib o‘tganimdek, har bir universitetdataqdim etiladigan gumanitar fanlar va ularni o‘qitish uchun o‘quv режалариbo‘lishi kerak. Ideal vaziyatda, mamlakatdagi barcha talabalar uchun «birinchi blok» — majburiy fanlar tushunchasidan voz kechish lozim. Ammo eng muhimi, universitetdagi ijtimoiy-gumanitar fanlarning vazifa va funksiyalari nimadan iboratligini tushunish lozim. Bu nafaqat ixtisoslashgan bilim, balki moslashuvchan, ijodiy va tanqidiy fikrlash ko‘nikmalari hamdir.

Asarlari Bill Geytsga katta ta’sir ko‘rsatgan tarixchi va futurolog Yuval Noy Harari o‘zining «XXI asr uchun 21 dars» kitobida ma’lumotlar ummoniga g‘arq bo‘lsak, muhim va nomuhim narsalarni bir-biridan farqlashni o‘rganishimiz, shuningdek, uzuq-yuluq ma’lumotlardan dunyoning umumiy manzarasini yaratishimiz kerakligini yozadi. To‘rt ko‘nikmani o‘qitishga alohida e’tibor qaratilishi lozim: tanqidiy fikrlash, kommunikatsiya, hamkorlik va ijodkorlik. Faqat texnik ko‘nikmalarni o‘rgatish bosimini yumshatishimiz va o‘zgarishlarga moslashish, yangi narsalarni o‘rganish va notanish vaziyatlarda ruhiy muvozanatni saqlash kabi umumiy ko‘nikmalarni o‘rgatishni kuchaytirishimiz kerak. O‘zgarishlar tezligi oshgani sayin nafaqat iqtisodiyot, balki qanday qilib inson bo‘lish g‘oyasi ham mutatsiyaga uchraydi. Odamlar tobora ko‘proq yangiliklar bilan hisoblashishlari va deyarli har o‘n yilda o‘z ixtisosliklarini o‘zgartirishlariga to‘g‘ri keladi. Noma’lumlik hukm surgan dunyoda omon qolish (ayniqsa, muvaffaqiyatga erishish) uchun kuchli ruhiy moslashuvchanlik va hissiy muvozanat kerak bo‘ladi. Buni o‘qitish esa tenglamalarni yechishga o‘rgatishdan ko‘ra ancha qiyin, deb yozadi Harari.

Alibaba korporatsiyasi asoschisi Jek Ma bu haqda Moskva davlat universitetida o‘qigan ma’ruzasida shunday degan: «Agar kelajakka tayyorlanmoqchi bo‘lsangiz, kechagi o‘quv metodlaridan voz keching: ko‘r-ko‘rona yodlab olishga urinmang — kompyuter baribir ko‘proq narsani eslab qoladi. Tezroq hisoblashga urinmang — siz uchun buni kompyuter amalga oshiradi. Ijodkor va konstruktiv bo‘lishni o‘rganing».

Bularning barchasini kim o‘qitadi?

Eng qiyin savol mana shu. Ko‘pchilik ijtimoiy-gumanitar fanlar o‘qituvchilari kurslarini jonli va ishtiyoq bilan o‘ta olmaydi. Adabiyot va fizika, psixologiya va tarix, optika va san’at kesishmasidagi integrallashgan kurslar haqida gapirmasa ham bo‘ladi. Axir, fanlararo o‘qitish metodi nafaqat hozirgi tabiiy hamda ijtimoiy-gumanitar fanlarda yetakchi yo‘nalish, balki zamonaviy o‘quv metodi hamdir (masalan, AQSHning o‘zida 600 ta universitetda joriy qilingan Liberal Arts tizimi).

Chetdan taklif qilingan va avvalambor malaka oshirish institutlarida ishlaydigan o‘qituvchilarsiz buni amalga oshirish mushkul. Xorijda o‘qigan yoki ishlagan, shuningdek, ish joyida o‘z kurslariga ijodiy yondashadigan kishilarni bittalab izlab topish zarur.

Albatta, ko‘plab o‘qituvchilar fanlararo kurslarni dabdurustdan o‘qib ketolmaydi. Ularni olti oy yoki bir yil davomida tayyorgarlikdan o‘tkazish kerak. Universitetlar veb-saytlarida o‘zlariga kerakli kurslarni e’lon qilishlari va ishga olish shartlari to‘g‘risida kelishib olishlari kerak. Butun dunyoda shunday qilishadi, ammo bizda emas.

Prezident murojaatnomasi yanvar oyida bo‘lib o‘tgan bo‘lsada, sinov muddatidagi yangi fanlar endigina yaratilmoqda! Barcha universitetlar talvasaga tushgan. «Pandemiya» semestri va undan keyingi ta’tilda o‘zlarini bo‘sh qo‘yishdi, endi esa uch-to‘rt kun ichida (bir semestr yoki hatto bir yil o‘rniga) o‘qituvchilar ilgari tanish bo‘lmagan kurslar bilan tanishib chiqish, ular bo‘yicha barcha (!) ma’ruza matnlarini yozish, seminar darslar rejalarini tuzish va bularning barchasini universitetning Moodle elektron tizimiga joylashtirishga ulgurishi kerak. Bularning barchasini prezident so‘zlarini buzib talqin etish, islohotlarni behurmat qilishdan boshqa narsa deb atab bo‘lmaydi. Beixtiyor biz uchun odatiy holga aylangan holat yodga tushadi: «- Qachon qilish kerak, bir oy ichidami yoki ikki oy? — Kecha».

Albatta, tegishli kurslarni tayyorlab, ulardan yaxshi dars bera oladigan o‘qituvchilar jiddiy mukofotga loyiq ko‘rilishi kerak. Aynan ular minglab boshqa kishilar uddasidan chiqolmagan ishni amalga oshiradi. O‘z navbatida, bu boshqa o‘qituvchilarga ixtisoslashgan fanlararo kurslarni yaratishga turtki berishi mumkin.

Agar «milliy g‘oya» va zerikarli, dogmaga asoslanib o‘qitiladigan ijtimoiy-gumanitar fanlar o‘rniga haqiqatan ham qiziqarli, xilma-xil, fanlararo integrallashgan va amaliy ahamiyatga ega kurslarni joriy qilsak, talabalarning ma’naviy dunyosini boyitamiz, dunyoqarashlarini kengaytiramiz. Shunda, ehtimol, bizda ham Eynshteynlar paydo bo‘lar.

Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazarini ifodalamasligi mumkin.

Maqolaning rus tilidan tarjimasi Khan Academy Oʻzbek tomonidan taqdim etildi.