Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida 16 sentyabr kuni Bandlik va mehnat munosabati vazirligi vakillari ishtirokida 14 sentyabrda imzolangan «Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi prezident qarori ijrosi yuzasidan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.

Eslatib o‘tamiz, qaror bilan 2021 yildan boshlab chet elga ishlash uchun ketayotganlar uchun majburiy kasb-hunar ta’limi tartibi joriy etiladi va qonuniy migrantlar o‘z-o‘zini ish bilan ta’minlaydiganlar bilan tenglashtiriladi. Shuningdek, O‘zbekistonda Rossiya Ichki ishlar vazirligining pasport-viza xizmati vakolatxonasi ochiladi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi direktori o‘rinbosari Davlatnazar Matrasulov Rossiya misolida nima uchun mehnat muhojirlarining aksariyati noqonuniy ravishda ish topayotganligini tushuntirdi.

Uning ta’kidlashicha, qonuniy migrantlar patent olishga pul sarflaydilar va ish boshlagandan so‘ng ular tegishli xizmatlar uchun ham to‘laydilar. Bundan tashqari, pul o‘tkazmalari va O‘zbekistonda ish staji bilan bog‘liq xarajatlar ham mavjud.

Agentlik rahbari o‘rinbosarining qo‘shimcha qilishicha, muhojirlar ma’lum bir vaqt davomida boshqa mamlakatda zarur hujjatlarsiz qolishlari mumkin, ammo ular ketgach, ular ma’muriy javobgarlikka tortiladi, shuningdek, kirish taqiqlanadi.

Rossiya Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga asoslanib, u hozirda 600 ming o‘zbekistonlik ushbu mamlakatda ro‘yxatdan o‘tmasdan bo‘lib turgani va deportatsiya va mamlakatga kirish taqiqini olishdan qochib yurganini ta’kidladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bir necha yil davomida 421 ming fuqaro O‘zbekistonga chiqarib yuborilgan va endi ular Rossiyaga kirish huquqiga ega emas.

Agentlik direktori o‘rinbosari qonuniy migratsiyaning afzalliklari sifatida farmonda ko‘zda tutilgan mikrokreditlar, subsidiyalar va boshqa qulayliklarni aytib o‘tdi.

Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi direktori Muhammadzokir Mamatxonov nima uchun ish joyiga qonuniy yo‘l bilan borish muhimligini tushuntirdi. Bunday holda, davlat muhojirlarning huquqlarini 100 foiz himoya qilishga kafolat beradi, deya ta’kidladi u.

«Masalan, oxirgi ikki yilda biz fuqarolarimizning 823 ming dollar miqdoridagi oylik ish haqlari va tovon pullarining to‘lab berilishiga erishdik», — dedi agentlik direktori. U qonuniy migrantlarga salomatliklari bilan bog‘liq favqulodda holatlarda yordam berish osonroq ekanini qo‘shimcha qilib o‘tdi.

O‘quv mashg‘ulotlarini tugatgandan so‘ng, tayyor kadrlarning mamlakatni tark etishi O‘zbekistonga qanday foyda keltiradi, degan savolga Davlatnazar Matrasulov ushbu amaliyot ko‘plab mamlakatlarda ommalashgan, deb javob berdi. U o‘z fuqarolarini mehnat muhojirlari sifatida yuborishda yetakchi hisoblangan Filippinni misol qilib keltirdi.

«Tashqi mehnat migratsiyasi, bu — iqtisodiyotning rivojlanishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatadigan moliyaviy donor. Biz chet eldan pul tushimi qonuniy holga kelishini, uning ulushi ko‘payishini va shu bilan mamlakatdan chiqib ketayotgan fuqaroning oxir-oqibat muayyan bilim, ko‘nikmalarni egallashi va hech bo‘lmaganda tilni o‘rganishini istaymiz», — dedi agentlik direktori o‘rinbosari.

Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligining sho‘’ba mudiri Odiljon Komiljonov mavzuni davom ettirib, har yili O‘zbekistondagi o‘rta maxsus ta’lim muassasalarini 700−750 mingga yaqin yoshlar bitirayotganini, ularning 150 mingga yaqini oliy o‘quv yurtlariga o‘qishga kirishini ta’kidladi. Taxminan shuncha miqdordagi yoshlar kasbga ega bo‘lib, ishga joylashadilar.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston iqtisodiyoti yiliga o‘rtacha 300 mingga yaqin yangi ish o‘rinlarini yaratmoqda va natijada qariyb 200 ming fuqaro ish izlay boshlaydi va chet elga ketadi. U buni yuqori demografik o‘sish bilan izohladi va jarayonning o‘zini esa «demografik dividend» deb atadi.

«Bu narsani shunday tushunish kerak, migratsiya degani fuqarolarni bir yoqqa chiqarib yuborish emas, migratsiya — bu eksport. Ishchi kuchi eksporti. Butun dunyoda bu narsa bor. Bu respublikaning iqtisodiy salohiyatini oshiradi, buning uchun sifatga e’tibor qaratiladi [kasb va tilni o‘rgatish orqali]», — dedi Komiljonov.