Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi O‘zbekistonda fuqarolarni turar joy binolarida ro‘yxatdan o‘tkazishning yangi tartibi joriy etilganligini e’lon qildi.

«Bundan buyon joylashtirish vositalari xizmatlaridan foydalangan barcha shaxslar, jumladan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari, chet el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar mehmonxonalar, davolash muassasalari, sanatoriylar, dam olish uylariga va shunga kabi boshqa muassasalarga borganda shu muassasalar ma’muriyati tomonidan shaxsni tasdiqlovchi hujjatlar asosida „E-Mehmon“ avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritish orqali hisobga olinishi kerak», — deyiladi xabarda.

Ro‘yxatga olish avvalgidek 12 soat mobaynida emas, balki ular kelib joylashgan vaqtda, ularning bu yerda bo‘lish muddati va kelishining davriyligidan qat’i nazar amalga oshiriladi.

«Joylashtirish xizmatini ko‘rsatuvchi mehmonxonalar, davolash muassasalari, sanatoriylar, dam olish uylari va shu kabi boshqa tashkilotlar rahbarlaridan mazkur tartibga qat’iy rioya qilishlari so‘raladi», — qo‘mita xabarida.

Ushbu tartiblarning joriy qilinishi mahalliy va xorijiy sayyohlarning sog‘lig‘i va mulki xavfsizligini ta’minlash, qonuniy manfaatlarini himoya qilish, kafolatgan xizmatlar ko‘rsatilishini ta’minlashga qaratilgan, deya qo‘shimcha qildi Turizmni rivojlantirish davlat qo‘mitasi.