O‘zbekiston qishloq xo‘jaligi vaziriga yangi o‘rinbosarlar tayinlandi, deya xabar qildi vazirlik matbuot xizmati. Tashkiliy masala 15 sentyabr kuni Qishloq xo‘jaligi vazirligida O‘zbekiston prezidenti Administratsiyasi rahbari Zaynilobiddin Nizomiddinov raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda ko‘rib chiqildi.

Ro‘zmetov Maqsud. Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.

Ro‘zmetov Maqsud Ismailovich qishloq xo‘jaligi vazirining Yerlardan samarali foydalanish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.

Maqsud Ro‘zmetov (1977 yilda tug‘ilgan) ️2007−2017 yillarda O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasining Qishloq va suv xo‘jaligi, qishloq xo‘jalik maxsulotlarini qayta ishlash hamda iste’mol tovarlari masalalari axborot-tahlil departamentining yerlardan oqilona foydalanish masalalari bo‘yicha yetakchi mutaxassisi, 2017 yildan O‘zbekiston Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasi rais o‘rinbosari lavozimida faoliyat yuritib kelgan.

Maqsud Ro‘zmetovga yer va suv resurslaridan samarali foydalanish konsepsiyasini amalga oshirish, qishloq xo‘jaligi ekinlarini joylashtirish, qishloq xo‘jaligi yerlarini monitoring qilish, tuproq bonitirovkasini o‘tkazish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarning me’yoriy qiymatini aniqlash, tuproqshunoslik, geobotanikaga oid tadqiqotlarni amalga oshirish, organik mahsulotlarni ishlab chiqarish va maqbul qishloq xo‘jaligi amaliyotini (Global G.A.P.) keng joriy etish vazifalari topshirildi.

Mirzayev Shuhrat. Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.

Mirzayev Shuhrat Shaxabutdinovich qishloq xo‘jaligi vazirining Moliyaviy va iqtisodiy masalalar bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi.

Shuhrat Mirzayev (1982 yilda tug‘ilgan) ️2018 yil noyabr oyidan «Agrobank aksiyadorlik tijorat banki» boshqaruvi raisining o‘rinbosari lavozimida faoliyat olib borgan.

Shuhrat Mirzayevga qishloq xo‘jaligida moliyaviy munosabatlar (kreditlash, lizing, subsidiyalash va dotatsiya berish) tizimini sohaning o‘ziga xos hususiyatlarini hisobga olgan holda yanada rivojlantirish, sohada davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini takomillashtirish, agrobiznesning klaster modelini keng joriy etish chora-tadbirlarini amalga oshirish kabi vazifalar topshirildi.

Xodjayev Saidkamol. Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.

Xodjayev Saidkamol Saidkarimovich qishloq xo‘jaligi vazirining oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish masalalari bo‘yicha o‘rinbosari — Oziq-ovqat sanoatini rivojlantirish bosh boshqarmasi boshlig‘i etib tayinlandi.

Saidkamol Xodjayevga oziq-ovqat mahsulotlarini yetishtiruvchi korxonalar bilan qayta ishlovchi, tayyorlovchi va realizatsiya qiluvchi korxonalar o‘rtasida o‘zaro manfaatli munosabatlar uchun sharoitlar yaratish, oziq-ovqat sanoatining rivojlanishiga xususiy va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar oqimini jadallashtirish, zamonaviy savdo va logistika markazlarini tashkil etish kabi vazifalar topshirildi.

Yangi lavozimni joriy etish va bo‘limni tashkil etish prezidentning «Respublikada oziq-ovqat sanoatini jadal rivojlantirish va aholini yuqori sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘liq ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida» gi qarorida nazarda tutilgan edi.

Sulaymonov Botirjon. Foto: Qishloq xo‘jaligi vazirligi matbuot xizmati.

Shuningdek, Sulaymonov Botirjon Abdushukurovich vazirning fan, ta’lim va ishlab chiqarish integratsiyasini ta’minlash bo‘yicha o‘rinbosari — Qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat ta’minoti ilmiy-ishlab chiqarish markazi bosh direktori etib tayinlandi. Botirjon Sulaymonov Toshkent davlat agrar universiteti rektori lavozimida ham faoliyatini davom ettiradi.

Botirjon Sulaymonovga qishloq xo‘jaligida bilim va innovatsiyalar tizimi strategiyasini amalga oshirish, ishlab chiqarish, ilmiy-tadqiqot va ta’lim muassasalari o‘rtasida integratsiyani ta’minlash, respublikada agroxizmatlar va qishloq xo‘jaligida axborot-maslahat markazlari faoliyatini yo‘lga qo‘yishga ko‘maklashish, sohaga yangi ilmiy va innovatsion yutuqlarni, raqamli texnologiyalarni joriy etish kabi vazifalar topshirildi.

Yig‘ilishda O‘zbekiston prezidentining 7 sentyabrdagi «Yer hisobi va davlat kadastrlarini yuritish tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Farmoni hamda 9 sentyabrdagi «Respublika oziq-ovqat sanoatini jadal rivojlantirish hamda aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan to‘laqonli ta’minlashga doir chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi qarori bilan xalqaro tajribadan kelib chiqqan holda Qishloq xo‘jaligi vazirligiga yangi vazifalar yuklatilgani qayd etildi.