Toshkent viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldoshevaga nisbatan 250 mln so‘mdan ziyod mablag‘larni talon-toroj qilish hamda mansabga sovuqqonlik bilan qarash ayblari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edik. U ikki tomonlama pnevmoniya va COVID-19 tashxisi bilan og‘ir ahvolda davolanayotgan bemorni viloyat ruhiy kasalliklar dispanseriga o‘tkazib, uning o‘limiga sabab bo‘lgani uchun qo‘lga olingandi.

Chirchiq shahar prokurori Baxtiyor Ibrohimovning aytishicha, vafot etgan shaxs asli shifokor, 12 yildan ortiq jonlantirish bo‘limida ishlab kelgan reanimatolog Farrux Rustamov bo‘lgan. Bu haqda u «Qalampir.uz»ga bergan intervyusida ma’lum qildi.

Farrux Rustamov vafotidan so‘ng prezident Shavkat Mirziyoyevning 27 avgustdagi farmoni bilan «Jasorat» medali bilan mukofotlangan. Farmonda uning Toshkent viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida reanimatsiya bo‘limi anesteziolog-reanimatologi bo‘lib xizmat qilgani ko‘rsatilgan.

Chirchiq shahar prokurori Baxtiyor Ibrohimov bergan ma’lumotlariga ko‘ra, Farrux Rustamov 1981 yilda tug‘ilgan, uch nafar farzandning otasi bo‘lgan va pandemiyagacha Chirchiq shahar markaziy shifoxonasida reanimatolog bo‘lib ishlagan. U Sog‘liqni saqlash vazirligi buyrug‘iga asosan Zangiotadagi COVID-19'ga qarshi kurash markaziga borib, ko‘ngilli sifatida ishlagan. 14 kun mobaynida shifokorlik qilib, ko‘plab bemorlarning sog‘ayishiga o‘z hissasini qo‘shgan va shu vaqtda koronavirus infeksiyasini yuqtirib olgan.

«O‘zidagi o‘zgarishlarni his qilgach, Farrux Rustamov Chirchiq shahrida joylashgan viloyat Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilgan. Shifoxonada unga COVID-19 tashxisi qo‘yilgach, u shifoxonaga yotqizilgan. Ko‘rsatilgan muolajalarga qaramay, o‘pkasi ikki taraflama 70 foiz zararlangan; u sun’iy nafas berish moslamasiga ulanib, kislorod yetkazib berib turilgan», — deydi Chirchiq shahar prokurori.

«Rustamov o‘zi reanimatolog bo‘lgani uchun jonlantirish bo‘limida kerakli muolajalar ko‘rsatilmagani sabab, u o‘z huquqini talab qilib: «Qon bosimim tushib ketyapti, u yoki bu dorini yuboring, hayotim xavf ostida», deb gapirganida Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva: «Bu mahmadona ekan, ruhiy kasal bo‘lib qolibdi», deb, vaziyatga to‘g‘ri baho bermay, viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseri bosh shifokoriga qo‘ng‘iroq qilib: «Biz sizga og‘ir ahvoldagi bir ruhiy kasalni yuboramiz, uni qabul qilib, davolashingiz kerak, mutaxassis yuboring», deb aytgan.

Viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseri bosh shifokori: «Koronavirusga chalingan bemor bo‘lsa, uni bizga yubora olmaysiz, chunki bu yerda butun viloyatdan kelgan 120 nafar bemor bor. Ularning hayotini xavf ostiga qo‘yish mumkin emas. COVID-19'ga chalingan bemorni avval davolab, keyin bu yerga yuborish kerak», deb javob bergan. Shunga qaramay, Guljahon Yo‘ldosheva tegishli xulosalarni olmay, SSVning Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yotqizish bo‘yicha talablariga zid ravishda, bemorning somatik holati og‘irligi, unda o‘tkir nafas yetishmovchiligi mavjudligi, reanimatsion muolajalarga muhtojligiga qaramay, uning og‘zida turgan kislorod yetkazib beruvchi moslamani olib tashlab, zambilga ortib, dispanserga majburan olib borib tashlagan.

Ruhiy asab kasalliklari dispanseri koronavirusga chalingan bemorlarni davolashga ixtisoslashmagan, sharoitlar yo‘q. Shunday bo‘lsa-da, ular bemorni qabul qilib olgan. Unga kerakli muolajalar ko‘rsatilguniga qadar, ya’ni kislorod yetkazib beruvchi moslama olib kelingunicha Farrux Rustamovning joni uzilgan", — ma’lumot berdi Baxtiyor Ibrohimov.

Ma’lum qilinishicha, u Guljahon Yo‘ldoshevaning ko‘rsatmasi bilan viloyat Ruhiy kasalliklari dispanseriga yuborilgan.

Dastlabki surishtiruv davomida ruhiy kasalliklar dispanseri bosh shifokori nima uchun koronavirusga chalingan bemorni qabul qilgani haqidagi savolga og‘ir ahvoldagi bemorni qabul qilishdan bosh torta olmaganligini va Farrux Rustamovning kasallik tarixida u COVID-19'dan butkul tuzalgani haqida xulosa yozilgani tufayli uni qabul qilib olganini ta’kidlagan.

«Aslida esa bemorning COVID-19'dan tuzalmaganini uni dispanserga olib borgan shifokor ham, uni qabul qilib olgan bosh shifokor ham — hamma bilgan», — deydi Baxtiyor Ibrohimov.

Ma’lumot uchun, 39 yoshli Farrux Rustamovning koronavirus infeksiyasi oqibatida 2 avgust kuni vafot etgani Bosh prokuratura axborotidan ma’lum bo‘lgan. Ushbu o‘lim holati Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan hozirgacha tasdiqlanmagan.