13 sentyabr kuni O‘zbekiston oliy ta’lim muassasalariga kirish uchun test sinovlari yakunlandi. Dushanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda DTM direktor o‘rinbosari Sardor Rajabov test sinovlarining dastlabki yakunlarini e’lon qildi.

Test sinovlari 2 sentyabrdan boshlanib, kuniga 2 smenada — birinchi smenada 08:00 dan 11:00 gacha, ikkinchi smenada 17:00 dan 20:00 gacha o‘tkazildi. Test sinovlari Farg‘ona viloyatida 10 kunda (11 sentyabr kuni), Buxoro, Jizzax, Namangan, Samarqand va Xorazm viloyatlarida 11 kunda (12 sentyabr kuni), Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Andijon, Surxondaryo, Qashqadaryo, Navoiy, Sirdaryo viloyatlari va Toshkent shahrida 12 kunda (13 sentyabr kuni) yakunlandi.

Test sinovlarida bir smenada 1975 ta guruhda 59250 nafar abituriyent, bir kunda 3950 ta guruhda 118500 nafar abituriyent ishtirok etishi uchun tayyorgarlik ko‘rildi. Jarayonga guruh nazoratchisi sifatida 3705 nafar pedagog xodimlar jalb etildi.

O‘zbekiston OTMlariga jami 1 mln 304 ming 194 nafar (2019 yilda — 1 mln 66 ming) abituriyent hujjat topshirgan. Imtihonda shulardan 1 mln 240 ming 614 nafari (95,1%) qatnashdi. 63 ming 580 nafari esa (4,9%) turli sabablarga ko‘ra test sinovlarida ishtirok etmadi. Jami 1187 nafar abituriyent turli sabablarga ko‘ra test sinovlaridan chetlatildi. Shundan 548 nafari hududga kirishda, 639 nafari esa test sinovi jarayonida imtihondan chetlashtirilgan.

Jumladan, hududga kirishda 367 nafar abituriyent telefon olib kirishga, 48 nafari shpargalka olib kirishga uringani, 118 nafari o‘ringa o‘rin kirishga harakat qilgani, 10 nafari hujjatlarni soxtalashtirgani uchun imtihonlardan chetlatilgan.

Test sinovi jarayonida esa 491 nafar abituriyent telefondan foydalangani, 68 nafari shpargalkadan foydalangani, 27 nafari o‘ringa o‘rin kirgani uchun test sinovlaridan chetlatildi.

Qolgan abituriyentlar kalkulyator olib kirishga uringani, shaxsi tasdiqlanmagani, o‘zaro gaplashgani, test materiallarini almashtirgani, test materiallarini olib chiqishga uringani kabi turli sabablar bilan test sinovlaridan chetlatilgan.

90 nafar abituriyentda tana harorati 37 darajadan yuqori ekangani aniqlangan va shu sabab imtihonlarga kiritilmagan. 17 sentyabr kuni ushbu talabalarda sog‘lom ekanligi haqida ma’lumotnomasi mavjud bo‘lgan holda, ular uchun qo‘shimcha test sinovlari o‘tkazilishi rejalashtirilmoqda, deya ma’lum qildi DTM direktor o‘rinbosari Sardor Rajabov «O‘zbekiston 24» telekanaliga bergan intervyusida.

Test natijalaridan norozi bo‘lgan abituriyentlar oktyabr oyining boshlarida appelyatsiyaga berishlari mumkin bo‘ladi. Appelyatsiya shikoyatlarini qabul qilish to‘liq onlayn tarzda bo‘lib o‘tadi.