Sog‘liqni saqlash vazirligi Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimida ikki nafar xodimning koronavirus asoratlari tufayli vafot etgani haqidagi xabarlar bo‘yicha ma’lumot berdi.

«Shu xabar yuzasidan ma’lum qilamizki, Qo‘shko‘pir tumani favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i mayor D.J. 12 sentyabr kuni koronavirus asoratlari tufayli vafot etgani o‘z isbotini topmadi», — deyiladi xabarda.

Qayd etilishicha, koronavirusdan gumon qilinib shifoxonaga yotqizilgan marhum bemordan 10 sentyabr kuni olingan maxsus laboratoriya natijalariga ko‘ra, unda koronavirusni keltirib chiqaruvchi «SARS CoV-2» virusi aniqlanmagan.

Shuningdek, SSVning Urganch shahar tibbiyot birlashmasiga qarashli karantin shifoxonasidan olingan kasallik tarixi ma’lumotlariga tayanib ma’lum qilishicha, ijtimoiy tarmoqlarda koronavirusdan vafot etgani aytilgan xivalik shifokor B.Q.da ham koronavirus infeksiyasi tasdiqlanmagan.

«27 avgust kasalxonaga yotqizilgan bemorda birlamchi tekshiruv jarayonida maxsus laboratoriya tekshiruvida ham, keyingi tashxislarda ham koronavirus infeksiyasi aniqlanmagan. Bemorning o‘limdan keyingi tashxisi natijalariga ko‘ra, bemorning vafotiga ikki tomonlama pnevmoniya sabab bo‘lganini ko‘rish mumkin», — deyiladi xabarda.