Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Vijdon erkinligi va diniy tashkilotlar to‘g‘risida» gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida"gi Qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilindi, deya xabar qildi parlament quyi palatasi deputati Rasul Kusherbayev.

O‘zLiDeP fraksiyasi a’zosining ma’lum qilishicha, qonun loyihasida, xususan, quyidagilar belgilanmoqda:

  • har bir shaxsning diniy ta’lim muassasalarida professional ta’lim olish, shuningdek, ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar tomonidan o‘z farzandlariga diniy amaliyot asoslari va odob-axloq qoidalarini (uy sharoitida ta’lim berish) o‘rgatish huquqini berish;
  • diniy tashkilotlar mansabdor shaxslarning harakatlari (harakatsizligi) bo‘yicha sudga murojaatlar qilganda davlat bojini to‘lashdan ozod etish;
  • diniy tashkilot ro‘yxatdan o‘tish jarayonida mahalla ishtirokini bekor qilish;
  • mahalliy diniy tashkilotni ro‘yxatdan o‘tkazish uchun talab qilinadigan shaxslar sonini 100 tadan 50 tagacha qisqartirish;
  • fuqarolarning jamoat joylarida ibodat liboslarida yurishlariga yo‘l qo‘ymaslik talabini bekor qilish.

Qonun loyihasi uchta o‘qishda ko‘rib chiqilib, deputatlar tomonidan ma’qullangan taqdirda Senatga yuboriladi.