Taxminan 4500 nafar O‘zbekiston fuqarosi Samara yaqinidagi vaqtinchalik chodir lageridan Toshkentga ketishga harakat qilmoqda, deb xabar berdi «Novaya gazeta».

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Kinel shahridan (Samara viloyati) 3 km uzoqlikda bir oydan ko‘proq vaqt davomida uyga borishga harakat qilayotgan O‘zbekiston fuqarolari uchun vaqtinchalik chodirlar lageri mavjud. Avvalroq, Mash nashri o‘zbekistonliklar qo‘nim topgan shoxlar, karton qutilari va selofandan yasalgan qo‘lbola chodirlar lageridan videoreportaj e’lon qilgan edi.

Karantin cheklovlari, muntazam temir yo‘l va havo qatnovining yo‘qligi sababli odamlar Kineldan Toshkentgacha to‘xtamasdan harakatlanadigan maxsus ajratilgan poyezdlar orqali O‘zbekistonga olib ketilmoqda.

«Novaya gazeta»ning yozishicha, viloyat ma’muriyati rahbariyati 9 sentyabr kuni qariyb 7000 kishini lagerdan olib chiqishganini ma’lum qilgan. Chiqib ketganlarning o‘rniga kuniga o‘rtacha 100−150 nafar yangi mehnat muhojiri kelib qo‘shilmoqda.

Nashr Orenburg viloyati Mashtakovo tumanida — «Mashtakovo» nazorat-o‘tkazish punkti yaqinida ilk muhojirlar lageri paydo bo‘lganini eslatib o‘tdi («Gazeta.uz» ushbu joyda O‘zbekiston fuqarolarining to‘plangani va keyinchalik ular olib kelingani haqida yozgan edi),

«O‘zbek raqamli mashinalarda kelishdi. Avvaliga ularga unchalik ahamiyat berishmadi, mashinalarida, dalada turishdi, — deydi Mahalliy o‘zbek milliy-madaniy avtonomiyasi kengashi kotibi Yodgor Usmonov. — Odamlar esa kelaveradi, kelaveradi, axir bu yerda asosiy tranzit yo‘li-ku. O‘zbeklar, qozoqlar va qirg‘izlar uchun tarixda birinchi marta (Rossiya) chegarasining yopilishi, tushunasizmi? Ko‘pchilik shunchaki o‘z yo‘llarini topa olmay qolishdi. Avvaliga 20 ta mashina yig‘ildi, keyin yana 30 ta, kun bo‘yi kelishadi — allaqachon 200 ta bo‘ldi».

So‘ngra Samara viloyati ma’muriyati viloyat byudjeti hisobidan Kinel tumanidagi vaqtinchalik lagerni jihozlab, u yerda muhojirlarni avtobuslar bilan olib ketishdi. Shunday qilib, Kinel migrantlarni O‘zbekistonga jo‘natish joyiga aylandi.

Yodgor Usmonovning ta’kidlashicha, Rossiyada karantin yumshatilgani va ish mavjud bo‘lishiga qaramay, ko‘plab muhojirlar uylariga ketishni xohlashmoqda. Uning hisob-kitoblariga ko‘ra, 30 mingga o‘zbekistonlik o‘z vataniga ketish uchun vositachilarga pul to‘lashga tayyor.

«Novaya gazeta» odamlar ketish uchun navbatga turish maqsadida o‘z nomlarini ro‘yxatga kiritayotganini aniqladi.

Foto: Lyudmila Melnichenko / Facebook.

Samaralik jurnalist Lyudmila Melnichenko esa chodir lageridan fotosuratlarni nashr qildi va u yerda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarga yordam berish uchun aksiya uyushtirdi.

«Biz oziq-ovqat tarqatdik. Asosan, bu non edi — 4 bo‘lakka kesilgan 50 ta non va „Doshirak“ lapshasi. Va yana dori-darmonlar… Lager ko‘l bo‘yida joylashgan va bu yomon, chunki suvdan sovuq hamda nam havo tarqaladi. Kunduzi u yerda 4500 kishi bor edi, ammo yigitlar u yerda borishganida, uzoq kutilgan poyezdni jo‘natish uchun tayyorgarlik ishlari olib borilayotgan ekan», — deya hikoya qildi u.

Foto: Lyudmila Melnichenko / Facebook.

«Ko‘rib turganingizdek, chodirlar yengil. Yaxshi isitmaydi. Ba’zilar esa selofan ostida uxlayapti… Suratlarning birida lagerda telefonlar qanday quvvatlantirilayotgani aks etgan. Mahalliy aholi orasidan kimdir biznes qilayotgan ekan: telefonni quvvatlash narxi 50 rubl», — deydi u.

Foto: Lyudmila Melnichenko / Facebook.

«Bir fotosuratda 50 km uzoqlikda yashayotgan o‘zbekistonlikning Otradnoyeda ikkita qozonda osh tayyorlayotgani aks etgan. U palovni ikki partiyada pishirdi. Hammasi bo‘lib — 4 ta qozon. 160 kg guruch. U 1600 kishini ovqatlantirdi. Ko‘rib turganingizdek, bu yerda ham hurmat saqlagan, xotirjam va o‘zini munosib tutmoqda», — deydi jurnalist.

«Parvozlarning tiklanishi ko‘p jihatdan Rossiyaga bog‘liq»

O‘zbekiston Transport vazirligi matbuot kotibi Navro‘z Ashurmatovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, 15 sentyabr kuni yana bir poyezd Samaradan yetib kelgan, yana biri esa yo‘lda. Uning so‘zlariga ko‘ra, qolgan fuqarolarni olib kelishni tezlashtirish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda.

Transport vazirligi vakilining ta’kidlashicha, fuqarolarning bir joyda to‘planishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun Rossiya bilan muntazam havo qatnovini tiklash kerak. Ushbu masala bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda, ammo uning yechimi ko‘p jihatdan Rossiya tomoniga bog‘liq, dedi u.

«Novaya gazeta»ning yozishicha, sentyabr oyi oxiriga qadar 860 dan 920 kishiga qadar sig‘imli to‘rtta poyezd O‘zbekistonga jo‘natiladi, ammo bu barchani olib chiqish uchun yetarli emas.

«Hozircha poyezdlar haqida hech narsa deya olmayman. Sababi, mamlakatlar o‘rtasida temir yo‘l aloqasi hali tiklanmagan. Qozog‘iston va Rossiyaning tegishli vazirlik va idoralari bilan kelishilgan holda maxsus reyslar tashkil etiladi. Muammoning asosiy yechimi, bu — mamlakatlar o‘rtasida muntazam havo va temir yo‘l aloqalarini tiklashdir. Ushbu masala bo‘yicha muzokaralar olib borilmoqda», — dedi Navro‘z Ashurmatov.

Uzbekistan Airways kompaniyasi sentabr oyining boshida Dubay, Frankfurt, Istanbul, Olmaota va Bishkek yo‘nalishlariga muntazam xalqaro reyslarni bosqichma-bosqich qayta tiklash to‘g‘risida e’lon qildi.

O‘zbekiston sog‘liqni saqlash vazirining birinchi o‘rinbosari Bahodir Yusupaliyev avvalroq karantin choralari 5 sentyabrdan boshlab yumshatilgandan so‘ng, vaziyatni baholash uchun vaqt kerak bo‘ladi, deb aytgan edi. Agar holatlar soni kamaysa, bu Rossiya bilan havo aloqasini tiklash uchun zarur shartlarni yaratadi.