Har yili dunyoda 800 mingga yaqin odam o‘z joniga qasd qilmoqda. Bunday holatlarning aksariyati, ya’ni 79 foizi, daromad darajasi kam va o‘rtacha bo‘lgan mamlakatlarda uchraydi. O‘z joniga qasd qilish 15−19 yoshli o‘spirinlar orasida o‘limlarning uchinchi eng katta sababchisidir. Bu haqda 10 sentyabr — Jahon o‘z joniga qasd qilishning oldini olish kuni munosabati bilan BMTning Yangiliklar markazi tomonidan esga olindi.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, erkaklar orasida o‘z joniga qasd qilish holatlari zo‘ravonlik oqibatida tashkil etilgan o‘lim holatlarining 50% ni, ayollarda esa 71% ni tashkil qiladi. Bundan tashqari, JSSTga ko‘ra, Yevropa mintaqasidagi ko‘plab mamlakatlar bu borada dunyodagi eng yuqori ko‘rsatkichga ega — yiliga 140 ming suitsid holatlari. 2019 yilda ushbu fojiali ko‘rsatkich bo‘yicha Rossiya dunyoda uchinchi o‘rinni egalladi.

JSST ma’lumotlariga ko‘ra, o‘z joniga qasd qilishning asosiy xavf tug‘diruvchi omili — sodir etilgan o‘z joniga qasd qilishga bo‘lgan harakat. Shu sababli, ushbu hodisa bilan kurashishning asosiy usullaridan biri bu avvalroq o‘zlariga zarar yetkazishga harakat qilib ko‘rgan yoki bu haqda o‘ylagan odamlar haqida ma’lumot to‘plash, so‘ngra ularning holati va xatti-harakatlarini kuzatib borishdir.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumot to‘plash va monitoring qilishdan tashqari, ta’lim muassasalari darajasida tadbirlar tashkil etish, aholi orasida alkogol va giyohvand moddalarni iste’mol qilishni kamaytirish, tibbiyot xodimlarini o‘qitish va boshqa choralarni tavsiya qiladi.