Namanganda ikki nafar erkakni do‘pposlagan qizga nisbatan ochilgan jinoyat ishi tugatildi, deya xabar berdi Namangan viloyati IIB Axborot xizmati.

Avvalroq, 25 iyun kuni Namangan viloyati Norin tumanida 23 yoshli qiz ikki nafar erkak kishini do‘pposlagani haqida va unga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgani haqida xabar bergan edik. Keyinchalik, namanganlik qiz o‘z sha’nini himoya qilganini, erkaklar uni masxaralab, onasini so‘kkanini aytgan edi.

Gulsanam Alijonovaning jinoyat ishi yuzasidan Yoshlar ishlari agentligi Namangan viloyat boshqarmasi tomonidan viloyat prokuraturasiga jazoni yengillashtirish bo‘yicha amaliy yordam so‘rab murojaat etilgan.

Shuningdek, Yoshlar ittifoqi Norin tuman kengashi Gulsanamning jamoat ishlarida faolligi, 2019 yildan buyon volontyor (ko‘ngilli xizmatchi) sifatida faoliyat yuritishi va sportdagi yutuqlarini inobatga olib, qayta jinoyat sodir etmasligi bo‘yicha kafillikka olgan.

Shunga ko‘ra Norin tuman IIB huzuridagi TB tomonidan JPKning 84-moddasi, 5-qismi, 2-bandiga asosan, Gulsanam Alijonovaning muqaddam sudlanmaganligi, qilgan ishidan pushaymonligi, jabrlanuvchilarning da’vosi yo‘qligi, sodir etgan harakati uncha og‘ir bo‘lmagan jinoyatlar turiga kirishi, shuningdek, Yoshlar ittifoqi kafilligini inobatga olib, ayblilik to‘g‘risidagi masalani hal qilmay turib, jinoyat ishini tugatish to‘g‘risida qaror qabul qilingan.