Tibbiyot fanlari doktori Mirrahimova Saidaxon Shuhratovna Respublika ixtisoslashtirilgan narkologiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori lavozimiga tayinlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar qildi.

Tayinlovga qadar 37 yoshli Saidaxon Mirrahimova Samarqand viloyat ixtisoslashgan ko‘z kasalliklari shifoxonasi bosh shifokori lavozimida ishlab kelayotgan edi. U Londondagi Staffordshir universitetida sog‘liqni saqlashni tashkillashtirish bo‘yicha malakasini oshirgan.

Unga markaz faoliyati va aholiga tibbiy xizmat ko‘rsatish sifatini oshirish, narkologik kasalliklar sohasidagi profilaktika, diagnostika va davolash ishlarida innovatsion texnologiyalarni tatbiq etish, yetakchi xorijiy tibbiyot muassasalari bilan hamkorlikni kengaytirish, tizimda axborotlarning faol almashinuvini ta’minlash singari vazifalar yuklatildi.

RINIATM 2019 yilning oktyabrida Sog‘liqni saqlash vazirligi Respublika narkologiya markazi negizida tashkil etilgan.