14 sentabr kuni Jinoyat ishlari bo‘yicha Yakkasaroy tuman sudida Korean and Migrations xususiy bandlik agentligi xususiy bandlik agentligi ishi bo‘yicha ochiq sud jarayoni yakunlandi, deb xabar qildi Oliy sud matbuot xizmati.

Sudya Timur Qosimov sudlanuvchilarni 168-modda 4-qism «a», «k» bandlari (firibgarlik, juda ko‘p miqdorda; uyushgan guruh tomonidan yoki uning manfaatlarini ko‘zlab sodir etilgan bo‘lsa), 228-modda ikkinchi qismi «b» bandi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish, bir guruh shaxslar tomonidan oldindan til biriktirib sodir etilgan bo‘lsa) hamda 228-modda 3-qismida (bila turib qalbaki hujjatdan foydalanish) ko‘zda tutilgan jinoyatlarni sodir etganlikda aybdor deb topdi. Bundan tashqari, jinoyatchilarga moddiy zararlarni qoplash to‘g‘risida ham ko‘rsatma berilgan.

Shunday qilib, Qahramon Otaqulov (1979 yilda Buxoro viloyatida tug‘ilgan, ilgari sudlangan, agentlik direktori) va Odil Qobilov (1963 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan, ilgari sudlangan, agentlikning Namangan viloyat bo‘limi direktori) 9 yillik qamoq jazosini olishdi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi. Shuningdek, ular 3 yil muddatga rahbarlik va moddiy javobgarlik lavozimlarini egallash huquqidan mahrum bo‘lishdi.

Xushvakt Turdiyev (1973, Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, ilgari sudlanmagan, agentlik asoschisi), Musurmon Aliqulov (1970, Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, ilgari sudlanmagan, o‘quv ishlari bo‘yicha direktor), Anvarjon Shamshiddinov (1983, Namangan viloyatida tug‘ilgan, ilgari sudlangan, Namangan viloyat filiali xodimi) va Orifjon Jo‘rayev (1983 yilda Namangan viloyatida tug‘ilgan, ilgari sudlanmagan, Namangan viloyat filialining kassiri) 8 yil 3 oyгa ozodlikdan mahrum qilindi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi. Shuningdek, ularga uch yil davomida rahbarlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash taqiqlanadi.

Mavluda Otajonova (1969 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, ilgari sudlangan, buxgalter) 5 yil 9 oy 21 kunga 3 yillik sinov muddati bilan shartli qamoq jazosiгa mahkum etildi. Shuningdek, unga 3 yil muddatga rahbarlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash taqiqlanadi.

Ra’no Nuraliyeva (1976 yil, Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, ilgari sudlanmagan, kadrlar bo‘limi inspektori) va Iroda Jabborovaga (1986 yilda Qashqadaryo viloyatida tug‘ilgan, ilgari sudlanmagan, agent) uzil-kesil o‘tash uchun 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 6 yil 1 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi hamda tayinlangan jazo shartli hisoblanib, 3 yil sinov muddati belgilandi.

Kang Nam Кюгa (1968 yilda tug‘ilgan, Koreya Respublikasida tug‘ilgan, ilgari sudlangan, Korean and migrations sherigi) uzil-kesil o‘tash uchun 3 yil muddatga mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarda ishlash huquqidan mahrum qilib, 8 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi. U yuqorida keltirilgan JK moddalaridan tashqari, 228-moddasi 2-qismi «a» bandi (hujjatlar, shtamplar, muhrlar, blankalar tayyorlash, ularni qalbakilashtirish, sotish yoki ulardan foydalanish takroran yoki xavfli retsidivist tomonidan sodir etilgan bo‘lsa) bilan ham aybdor deb topildi. Bundan tashqari, aybdorga yetkazilgan moddiy zararni qoplash ham topshirildi.

Jalol Xidirov (1987 yilda Samarqand viloyatida tug‘ilgan, ilgari sudlanmagan, vositachi) JKning 168-moddasi 3-qismi «a», «b» bandlari bilan aybdor deb topildi. Unga 6 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Furqat Kamolov (1970 yilda Toshkent viloyatida tug‘ilgan, ilgari sudlangan, vositachi) esa Jkning 168-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan aybdor deb topildi. Unga uzil-kesil o‘tash uchun 6 yil 6 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Tayinlangan jazoni umumiy tartibli koloniyalarda o‘tash belgilandi.

Oliy sud veb-saytidagi sud majlislari jadvaliga ko‘ra, 1912 kishi ish bo‘yicha jabrlanuvchi bo‘ldi.

Eslatib o‘tamiz, ushbu ish bo‘yicha sud jarayoni 2 iyun kuni, dastlabki tergov esa mart oyida boshlangan edi. Jami 2372 nafar fuqaro jabrlanuvchi va fuqarolik da’vogari deb tan olindi, ularga yetkazilgan moddiy zarar 24,2 mlrd so‘mdan oshadi.