Shveysariyada Gulnora Karimovaga nisbatan ochilgan jinoiy ish bo‘yicha musodara qilingan pul mablag‘larini O‘zbekistonga qaytarish shartlari bo‘yicha mamlakat hukumatlari kelishuvga erishishdi, deyiladi Shveysariya hukumati bayonotida.

Ikkitomonlama kelishuvga ko‘ra, birinchi prezidentning qizi Gulnora Karimovaning Shveysariyadagi hisoblaridan olingan 131 mln dollarlik mablag‘ O‘zbekistonga qaytariladi.

Kelishuvda mablag‘larni restitutsiya qilishning asosiy tamoyillari ham belgilangan. Jumladan, O‘zbekistondan pul mablag‘larini qaytarish jarayonining shaffof o‘tishi va hisobdorlik bo‘lishini ta’minlash, aktivlarni «xalq hayotini yaxshilash»ga yo‘naltirish, mablag‘larni barqaror rivojlanishni qo‘llab-quvvatlovchi loyihalarga investitsiya qilish va monitoring mexanizmini yaratish talab etiladi.

650 mln Shveysariya franki (715 mln dollar) mablag‘ga teng aktivlar Gulnora Karimovaga nisbatan davom etayotgan jinoyat ishi doirasida muzlatilganligicha qolmoqda. Ushbu mablag‘lar ham qaytarilsa, ularga ham xuddi shunday restitutsiya talablari qo‘yiladi.

2012 yil Shveysariya bosh prokuraturasi Gulnora Karimovaga nisbatan olib borilayotgan jinoyat ishi doirasida 800 mln Shveysariya frankiga teng mablag‘lni aktivlarni muzlatib qo‘ygan edi. Ushbu summaning 131 mln dollari 2019 yilda musodara qilingan.

Gulnora Karimova o‘tgan yilning bahoridan Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi 21 raqamli umumiy rejimdagi koloniyada jazoni o‘tamoqda. Mart oyida Oliy sud uning 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum etilgani haqida xabar bergan edi.

May oyida Karimovaning 10 mln dollarlik aktivi Fransiyadan qaytarilgan edi. Adliya vazirligi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan va mamlakatga qaytarilayotgan mablag‘larning sarflanishi haqida jamoatchilikni doimiy ravishda xabardor qilishga va’da bergan edi.