Yaponiyaning yangi bosh vaziri hukumat bosh kotibi Yosixide Suga bo‘ladi. U mamlakatda hukmron Liberal-demokratik partiyasining yetakchisiga aylandi, deya xabar berdi Bloomberg.

Yosixide Suga 535 deputatdan 377 nafarining ovoziga ko‘ra, Liberal-demokratik partiyasining yangi rahbari etib saylandi. Suga hukumatni 2012 yildan beri boshqarib kelgan va yaqinda iste’foga chiqishini e’lon qilgan Sindzo Abening o‘rnini egallaydi.

«Men xalq ishonadigan hukumatni barpo etmoqchiman», — dedi Suga ovoz berish boshlanishidan oldin o‘z tarafdorlariga.

2 sentyabr kuni Suga o‘z nomzodini e’lon qilishidan oldin ham uni partiyaning yetti fraksiyasidan beshtasi qo‘llab-quvvatlagan. Natijada, Suga ovoz berish boshlanmasidanoq g‘alaba qozonish uchun yetarli ovoz yig‘di.

Parlamentda ovoz berish 16 sentyabr chorshanba kuniga belgilangan. Suga Abening bosh vazirligi davrida hukumat bosh kotibi lavozimida ishlagan.