Bir kishining erkinligi boshqa birovning erkinligi boshlangan joyda tugaydi degan fikr hammaga ma’lum. Shu bilan birga, O‘zbekiston Konstitutsiyasi so‘z erkinligini kafolatlashini yodda tutishimiz zarur. Biroq, bu huquqning chegaralari bormi va bir shaxsga zarar yetkazadigan harakatlar yoki harakatsizliklar uchun javobgarlik qayerdan boshlanadi?

So‘nggi paytlarda Internet tarmog‘ida internet-bulling yoki muayyan masala bo‘yicha o‘z fikrini bildirganlarni «ta’qib qilish» hollari tez-tez uchrayapti va ijtimoiy tarmoqlarning o‘zbek segmenti ham bundan istisno emas.

Ko‘pincha, jamiyatimizda umumiy qabul qilinadigan fikrlardan farq qiluvchi g‘oyalarni targ‘ib qiluvchi insonlar nafratli so‘zlarni yozadiganlarning ta’qibiga uchrashadi. Shaxsni ta’qib qilish unga ma’naviy va jismoniy zarar yetkazadi, bunday harakat minglab Internet-auditoriyasi bo‘lgan foydalanuvchi tomonidan amalga oshirilganda esa uning ko‘lami oshadi.

Ushbu zo‘ravonlik qurbonining tarafdorlari ham onlayn hujumlarga duch kelganda, vaziyat yanada og‘irlashadi, bu qo‘rquv va shaxsiy fikrini bildirishni istamaslikka, kelajakda esa — ijtimoiy loqaydlikka olib kelishi mumkin.

So‘z erkinligi huquqi borasida qanday xalqaro standartlar mavjud? Mamlakatimiz qonunchiligi onlayn-ta’qib qilish holatidan qanday himoya qiladi? Bunday nafratli so‘zlar mualliflarining javobgarligini qanday oshirish mumkin?

Keling, ushbu savollarga navbat bilan javob topishga urinib ko‘ramiz. Huquqiy chegaralarni belgilashdan oldin, nafratli so‘zlarni yozish ko‘pincha so‘z erkinligiga o‘tkazilayotgan bosimning asl sababi bo‘lgan — yolg‘on ma’lumot tarqalishidan tubdan farq qilishini aniq tushunish lozim.

Xalqaro huquq so‘z erkinligi va nafrat targ‘ibotiga qarshi kurash to‘g‘risida

Xalqaro huquqda nafrat so‘zlarining aniq ta’rifi keltirilmagan, ammo so‘z erkinligi va nafrat, uni tarqatmaslik, uning targ‘iboti chegaralari qayerda ekanligini aniqlashtiruvchi xalqaro standartlar va huquqiy asoslar mavjud. Shu bilan birga, «[so‘z erkinligi]ga bo‘lgan cheklovlar istisno xarakteriga ega bo‘lib, qat’iy shartlar va qattiq nazorat ostida qo‘yilishi kerak» (BMTning Fikr erkinligi va uni erkin ifoda etish huquqlarini himoya qilish va rag‘batlantirish bo‘yicha maxsus ma’ruzachisining 2019 yil 9 oktyabrdagi A/74/486 hisoboti 6 qismiga qarang).

O‘zbekiston tomonidan 1995 yilda ratifikatsiya qilingan Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi Xalqaro paktning (FSHXP) 19-moddasida ta’kidlanganidek,

«1. Har bir inson o‘z fikrlariga erkin rioya qilish huquqiga ega.

2. Har bir inson o‘z fikrini erkin ifoda etish huquqiga ega; ushbu huquq davlat chegaralaridan qat’i nazar, o‘zining tanlovi asosida yoki ifoda etishning badiiy shakllari orqali, og‘zaki, yozma yoki nashr usullari bilan har qanday ma’lumot va g‘oyalarni izlash, olish va tarqatish erkinligi tushunchalarini qamrab oladi".

Mazkur huquq mamlakatimiz qonunchiligida ham kafolatlangan va o‘z aksini topgan. Ammo shunday holatlar ham bo‘ladiki, haqoratli izohlar nafaqat bildirilgan fikrga tegishli, balki shaxsiy haqoratga aylanib, zo‘ravonlik, kamsitish va jazolash tahdidini targ‘ib qiladi. Bundan tashqari, nafratli ritorikaga ergashuvchilarning ba’zilari ta’qib qurbonlarining va umuman jamiyatning hayoti va sog‘lig‘iga tahdid solishi, jamoatchilik loqaydligi va/yoki bid’atlarni keltirib chiqarishi mumkin.

Jinoyatni sodir etgan shaxs qilgan ishi uchun O‘zbekiston Respublikasi qonunchiligiga muvofiq javobgarlikka tortilishi shubhasiz. Biroq, nafrat so‘zlarini ijtimoiy tarmoqning boshqa foydalanuvchilari tomonidan tarqatilishi uchun nafrat ritorikasi muallifi ham javobgar bo‘lishi kerakmi?

Misol: gender xususiyatga asoslangan ta’qib va huquqiy himoya

Ba’zan biz ijtimoiy tarmoqlarda gender siyosatidagi ayrim islohotlarga salbiy va yanglish xulosaga ega munosabatlarni kuzatishimiz mumkin. Biroq, gender tenglik haqida salbiy fikr bildirilganda so‘z erkinligi huquqiga apellyatsiya qilish, aslida, ushbu huquq chegaralarini tushunmaslik, internet-bullingni yaratib va rivojlantirib, jinsiy yoki boshqa xususiyatlar asosida zo‘ravonlik, zulm va kamsitishni to‘siqlarsiz targ‘ib qiluvchi hate speech tarqatuvchilarining mas’uliyatsizligi kuchayishiga olib keladi.

Bundan tashqari, bunday hujumlar irqiy, milliy, diniy yoki gender nizolarga olib kelishi mumkin, bu esa O‘zbekiston milliy xavfsizligiga bevosita tahdiddir.

Xalqaro standartlarni va inson huquqlarini ta’minlash bo‘yicha xalqaro majburiyatlarni o‘z zimmasiga olgan holda, mamlakatimiz Internetda ham, boshqa ommaviy axborot vositalarida ham zo‘ravonlik va nafrat targ‘ibotining oldini olish uchun choralar ko‘rishi shart. FSHXP ning 20-moddasida aytilishicha:

«1. Urushning har qanday targ‘iboti qonun bilan taqiqlanishi kerak.

2. Kamsitish, dushmanlik yoki zo‘ravonlikni qo‘zg‘atadigan milliy, irqiy yoki diniy nafratni qo‘llab-quvvatlovchi har qanday chiqish qonun bilan taqiqlanishi kerak".

Ushbu masala bo‘yicha BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi FSHXPning 20-moddasidagi qonuniy cheklovlar so‘z erkinligiga zid emasligiga aniqlik kiritadi. BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi:

«… 2-band, tegishli davlatga nisbatan ichki yoki tashqi xususiyatga ega bo‘lishidan qat’i nazar, kamsitish, dushmanlik yoki zo‘ravonlikni qo‘zg‘atadigan milliy, irqiy yoki diniy nafratni qo‘llab-quvvatlovchi har qanday tashviqot yoki chiqishga qarshi qaratilgan«ligini aytadi.

FSHXPning 20-moddasi 1-bandiga binoan O‘zbekiston Jinoyat kodeksida jinoiy javobgarlik belgilangan, xususan Jinoyat kodeksining 150-moddasi urushni targ‘ib qilish, Jinoyat kodeksining 156-moddasida milliy, irqiy, etnik yoki diniy adovatni qo‘zg‘atish taqiqlanadi.

Biroq, FSHXPning 20-moddasi 2-bandi bizning qonunchiligimizda hali ham biror bir tarzda, ya’ni genderga asoslangan ta’qiblar nuqtai nazaridan o‘z aksini topmagan. Afsuski, bizning qonunchiligimiz kibermaydonda virtual ta’qib qurbonlarini va ularni himoya qiluvchilarni himoya qilmaydi, natijada fuqarolar ham, tashkilotlar ham, mansabdor shaxslar ham qaltis vaziyatda qoladi. Bundan tashqari, bu kabi hujumlar O‘zbekistondagi ayollarning mavqeini zaiflashtiradi va mamlakat gender siyosatiga to‘sqinlik qiladi.

Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 41-moddasida haqorat «shaxsning sha’ni va qadr-qimmatini qasddan kamsitish» deb ta’riflanadi. Biroq, ko‘p minglab obunachilari bo‘lgan blogerning shamali xabarlari («Axborotlashtirish to‘g‘risida"gi qonunning 8-qismi 3-moddasida bloger o‘z veb-saytida va (yoki) veb-sayt sahifasida ijtimoiy-siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy va boshqa xarakterdagi ommaviy ma’lumotni joylashtiradigan, shu bilan birga uni muhokama qilishi mumkin bo‘lgan axborot foydalanuvchisi sifatida belgilanadi) to‘g‘ridan-to‘g‘ri haqorat qilmasdan, kamsitish va zo‘ravonlikni targ‘ib qilishga qaratilgan bo‘lsa, qonunchilik onlayn ta’qib qurbonini va uning tarafdorlarini himoya qilmaydi.

«Xotin-qizlarni tazyiq va zo‘ravonlikdan himoya qilish to‘g‘risida"gi qonunning 2-moddasi 9-qismida «tazyiq va zo‘ravonlik qurboni — o‘ziga nisbatan tazyiq va zo‘ravonlik sodir etilishi tahdidi ostida bo‘lgan yoki tazyiq va zo‘ravonlik natijasida jabrlangan ayol jinsidagi shaxs» deb ta’riflangan. Ammo na ushbu qonun, na kodekslar shaxslarni Internet foydalanuvchisi — post muallifi va sharhlovchilari tomonidan sodir etiladigan zo‘ravonlik va tazyiqlardan himoya qilmaydi.

Zo‘ravonlik va kamsitishni targ‘ib qilish uchun javobgarlikni kuchaytirish FSHXPning 19-moddasiga zid emas, chunki ushbu moddaning uchinchi qismida:

«Ushbu moddaning 2-bandida nazarda tutilgan huquqlardan foydalanish maxsus burch va majburiyatlarni yuklaydi. Shuning uchun huquqlardan foydalanish:

a) boshqalarning huquqlari va obro‘sini hurmat qilish;

b) davlat xavfsizligini, jamoat tartibini, sog‘lig‘ini yoki axloqini himoya qilish uchun qonun bilan belgilanishi kerak bo‘lgan zaruriy muayyan cheklovlar bilan bog‘lanishi lozim" deyilgan.

BMTning Inson huquqlari bo‘yicha qo‘mitasi ushbu bandga aniqlik kiritib, quyidagilarni ta’kidladi: «So‘z erkinligi huquqidan foydalanish maxsus vazifalar va majburiyatlarni yuklaydi, shuning uchun ham mazkur huquqdan foydalanish doirasida ham alohida shaxslarga, ham jamiyatga nisbatan qo‘llanishi mumkin bo‘lgan ayrim cheklovlarga yo‘l qo‘yiladi. Biroq, ishtirokchi-davlat o‘z fikrini ifoda etish huquqini amalga oshirishda ma’lum cheklovlarni qo‘yganda, ushbu cheklovlar mazkur huquqning tamoyiliga zid bo‘lmasligi kerak».

So‘z erkinligini cheklash shartlari

Shuni ta’kidlash kerakki, FSHXP bo‘yicha so‘z erkinligini cheklashlar uch shartga javob berishi kerak: (1) qonuniylik, (2) xalqchillik hamda (3) zaruriyat va mutanosiblik.

Bundan kelib chiqadiki, YeXHT/DIIHB (Demokratik institutlar va inson huquqlari byurosi) «nafrat asosidagi jinoyatlar (hate crime) — bu ma’lum shaxslar guruhiga nisbatan xurofot yoki xuruj asosida sodir etilgan, jazoga tortilishi belgilangan jinoiy harakat ekanligini belgilaydi. Jinoyatga nafrat holatidagi jinoyat deb qaralishi uchun u ikki mezonga javob berishi kerak:

— birinchidan, sodir etilgan harakat jinoiy huquq nizomlariga muvofiq jinoyatdan darak berishi kerak;

— ikkinchidan, harakat birovga qarshi noto‘g‘ri fikrdan kelib chiqishi kerak. Nogironligi bor insonlar ham nafrat holatidagi jinoyatlar qurboniga aylanishi mumkin".

Bundan tashqari, «stereotiplar vaji ma’lum bir guruhga qarshi qaratilgan salbiy hukm, murosasizlik yoki nafrat deb ta’riflanishi mumkin. Ushbu guruhni umumiy xususiyat, masalan, irq yoki etnik kelib chiqishi, tili, dini, millati, jinsiy oriyentatsiyasi, gender o‘ziga xosligi yoki boshqa har qanday asosiy xususiyatlar birlashtirishi kerak».

So‘z erkinligi va nafratli ritorika o‘rtasidagi farq haqida gapirganda, shuni ta’kidlash kerakki, har qanday qarama-qarshiliklarni nafratli ritorika deb tasniflash mumkin emas. Masalan, Inson huquqlari bo‘yicha Yevropa sudi (IHES) «Xendisayd Birlashgan Qirollikka qarshi» ishida davlatni yoki jamiyatning ayrim qismlarini hayratga solishi mumkin bo‘lgan tortishuvli va befarqlik bo‘lmagan bayonotlar jinoiy va boshqa javobgarlikka tortilmasligi kerakligini ta’kidlaydi. Chunki «bu plyuralizm — fikrlar xilma-xilligi, bag‘rikenglik va ochiq fikrlilik talablari, ularsiz demokratik jamiyat bo‘lmaydi».

Richard Xendisayd Stage 1 nashriyotinig egasi edi. U 1969 yilda Daniyada nashr etilgan va keyinchalik tarjimalari bir qator Yevropa mamlakatlarida chop etilgan Syoren Xansen va Jesper Yensen tomonidan yozilgan «Kichik qizil maktab kitobi»ga britan huquqini qo‘lga kiritdi. Kitob boblarining birida Buyuk Britaniya matbuotining turli xil salbiy mulohazalarini keltirib chiqargan va axloqsiz nashrlar to‘g‘risidagi qonunni buzganlik uchun jinoiy ish ochilishiga sabab bo‘lgan jinsiy tarbiyaga oid bo‘lim mavjud edi. Mazkur ish bo‘yicha IHES qarori 1976 yil 7 dekabrda chiqarilgan va so‘z erkinligini ifodalash bo‘yicha birinchi va asosiy da’vogarlardan biri bo‘lgan. Batafsil

Biroq, IHES «Syurek va Turkiyaga qarshi» ishida zo‘ravonlik va kamsitishlarni qo‘llab-quvvatlash va zo‘ravonlikning maqtalgan ritorikasi qonun bilan himoya qilinishi mumkin emasligini va so‘z erkinligi huquqiga zid ekanligini ta’kidlamoqda.

Kamil Tekin Syurek va Turkiyaning haftalik Haberde Yorumda Gerçek sharhining bosh aksiyadori va bosh muharriri Yusel Ozdemir to‘rt kurd tashkilotining qo‘shma bayonoti bilan birga Kurdiston ishchilar partiyasi rahbarining o‘rinbosari bilan bo‘lib o‘tgan intervyuni nashr qildilar. O‘sha paytda Kurdiston ishchilar partiyasi va to‘rtta tashkilot Turkiya hukumati tomonidan terroristik guruhlar sifatida belgilangan edi. Intervyuda kurd xalqining mavqei bo‘yicha AQSHning munosobati va Kurdiston ishchilar partiyasining Turkiyadagi tez o‘zgaruvchan siyosiy muhit haqidagi qarashlari borasida fikrlar bildirilgan. Suhbatni olib borgan jurnalist Turkiyaning kurdlar yashovchi asosiy hududini Kurdiston deb ataydi. IHES ushbu ish yuzasidan tergov va sud ishlarini yuritishda Turkiyaning terrorizmga qarshi qonunlarini buzish bo‘yicha Turkiya hukumati tomonidan sodir etilgan bir qator qonunbuzarliklarni aniqladi, ammo 1999 yil 8 iyuldagi qarorida ushbu intervyu so‘z erkinligini buzish, zo‘ravonlikni targ‘ib qilish va terrorni maqtash ekanligini tasdiqladi. Batafsil

Internetda sodir bo‘layotgan voqealar va O‘zbekistonda nafratga asoslangan ta’qiblar va kamsitish, zo‘ravonlik tashviqotidan jabrlanganlarni himoya qilish bo‘yicha huquqiy me’yorlarning yo‘qligi, shuningdek, o‘zgacha fikr bildirishni ushbu turdagi majburlash va tashviqot qilish vositalarining biri sifatida ishlatilishi asosida bunday harakat va harakatsizlik uchun javobgarlikni kuchaytirish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish zarur.

Shuningdek, internetdagi ushbu harakatlar uchun javobgarlikni kuchaytirish zarur, chunki jazosiz qolish qurbonlar va ularning himoyachilariga nisbatan nafrat, kamsitish va ta’qib qilish holatlari tarqalishining kuchayishiga olib keladi.

Fikrimcha, milliy qonunchilikka nafratli ritorika va nafrat holda sodir etilgan jinoyatlar kabi tushunchalarning kiritilishi zo‘ravonlik qurbonlarini himoya qilish, shuningdek xalqaro hamjamiyatga O‘zbekiston Respublikasining mamlakatda qonun ustuvorligi va adolat indeksini yaxshilash borasidagi jiddiy istaklarini namoyish etish imkoniyatini beradi.

Shunga qaramay, yuqorida keltirilgan tushunchalar va atamalarni hamda ular uchun javobgarlikni O‘zbekiston qonunchiligiga kiritish faqat ilmiy, ekspert va professional doiralarda keng muhokamalardan so‘ng amalga oshirilishi kerak. Bundan tashqari, jurnalistlar/bloggerlar, yuridik mutaxassislar va amaliyotchilarning professional hamjamiyati nafratli ritorika uchun javobgarlik turini va hajmini aniqlashi, shuningdek, uning jamoat kayfiyati va shaxsning shaxsiy xavfsizligiga ta’sirini aniqlashi kerak.

Jamiyat, professional va akademik doiralar bu kabi muammolarni qancha ko‘p muhokama qilsalar, o‘z harakati/harakatsizligi uchun javobgarlikni oshirish bo‘yicha umumiy holat va choralar shunchalik aniqroq bo‘lishiga ishonaman.

Muallifning fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamasligi mumkin.