Favqulodda vaziyatlar vazirligi tizimining ikki nafar xodimi koronavirus asoratlaridan vafot etdi, deya xabar berdi vazirlik matbuot xizmati.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Qo‘ng‘irot tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Akimov Kuanishbay Mirzabayevich koronavirus asoratlaridan vafot etgan.

Bundan tashqari, vazirlik tizimida 2005 yil aprel oyidan xizmat qilgan, Xorazm viloyati Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi Qo‘shko‘pir tumani Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i mayor Jabbarov Doniyor Raximovich ham koronavirus asoratlari oqibatida vafot etgan.

«Yuqorida nomlari tilga olingan xodimlarimiz, afsuski, ko‘rinmas yovga qarshi kurashib, xalqimizning tinchligi va farovonligi yo‘lida o‘z xizmat burchini bajarish chog‘ida ushbu kasallikni yuqtirib olganlar», — deyiladi vazirlik bayonotida.

FVV matbuot kotibi Murod Sodiqovning «Gazeta.uz»ga ma’lum qilishicha, Kuanishbay Akimov 14 sentyabr kuni, Doniyor Jabbarov 12 sentyabr kuni olamdan o‘tgan.

Hozircha ushbu o‘lim holatlari Sog‘liqni saqlash vazirligining koronavirus bo‘yicha ma’lumotlarida keltirilmagan. Sog‘liqni saqlash vazirligining 12 sentyabr kuni koronavirus holatlari bo‘yicha bergan ma’lumotida Xorazmdagi o‘lim holati haqida ma’lumot berilmagan.

Qoraqalpog‘istonda koronavirus bemorlari orasida so‘nggi o‘lim 1 avgust kuni qayd etilgan. Xorazm viloyatida esa 2 sentyabr kuni qayd etilgan.