Ijtimoiy tarmoqlarda test natijalarida xatolikka yo‘l qo‘yilganligi, to‘g‘ri javoblar hisobga olinmaganligi haqida so‘zlab berayotgan abituriyentlarning xabarlari va videomurojaatlari tarqaldi. Shu jumladan, qashqadaryolik abituriyentning ta’kidlashicha, 70−80 ga yaqin nomzod 60 balldan past natijaga erishishgan, aslida esa ular kamida 120−130 ball olishlari kerak edi.

Davlat test markazi ushbu masalani o‘rganib chiqdi va 11 sentyabr kuni o‘tkazilgan test natijalarini e’lon qilishda texnik muammo yuz berganini tan oldi.

«Xatolik ijtimoiy tarmoqlarda yozilgani kabi test natijalarini hisoblashda emas, ularni e’lon qilishda kuzatilgan», — deya ta’kidladi DTM.

Markaz ma’lumotlariga ko‘ra, texnik xatoliklar Navoiy va Qashqadaryo viloyatlari hamda Qo‘qon shahrida 10 sentyabr kuni 1-smenada o‘tkazilgan test sinovlarida ishtirok etgan ayrim abituriyentlarda yuzaga kelgan. Mazkur holat aniqlanishi bilan xatolikni tuzatish ishlari boshlab yuborilgan.

«Hozirda mazkur texnik xatolik tuzatilib, test natijalari xato e’lon qilingan abituriyentlarning natijalari yangilandi. Mazkur abituriyentlar shaxsiy kabinetlari orqali yangilangan test natijalarini qayta ko‘rishlari mumkin.Davlat test markazi yo‘l qo‘yilgan xatolik uchun abituriyentlardan va ularning ota-onalaridan uzr so‘raydi», — deyiladi xabarda.

Bu yil davlat universitetlarida o‘qish uchun bakalavriat bosqichiga 162 364, magistraturaga 10 425 o‘rin ajratilgan. 91 ta OTMga bakalavriat yo‘nalishi bo‘yicha 1 mln 484 ming nafar abituriyent hujjat topshirgan.