Milliy gvardiyasi qo‘mondoni Rustam Jo‘rayev O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining Qo‘l jangi federatsiyasi raisi lavozimiga saylandi, deya xabar qildi Jismoniy tarbiya va sport vazirligi matbuot xizmati.

11 sentyabr kuni Sport vazirligida navbatdan tashqari hisobot-saylov videokonferensiyasi bo‘lib o‘tdi. Delegatlar Rustam Jo‘rayev nomzodini bir ovozdan tasdiqladilar.

Foto: Sport vazirligi.

Yig‘ilish yakunida Rustam Jo‘rayev qo‘l jangi sport turini mamlakatda yangi bosqichga olib chiqish, bu sport turi bo‘yicha sportchi va trenerlarga shart-sharoitlar yaratish, uyushmagan yoshlar o‘rtasida ushbu sport turi bo‘yicha tizimli musobaqalar tashkil etish, shuningdek, federatsiyaning hududlardagi moddiy-texnika bazasini takomillashtirish bo‘yicha huquqni muhofaza qiluvchi organlar hamda Jismoniy tarbiya va sport vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan takliflarini bildirdi.