Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan Kun.uz saytida e’lon qilingan «Mashhur xonanda voyaga yetmagan qizning nomusiga tekkani aytilmoqda. IIB jinoiy ish ochishni rad etdi» sarlavhali maqolasi yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tumani IIB huzuridagi TBning jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad qilish haqidagi qarori nazorat tartibida o‘rganib chiqildi, deya xabar berdi Bosh prokuratura matbuot xizmati.

Aniqlanishicha, 17 iyun kuni Urgut tumani Baxrin qishlog‘ida yashovchi fuqaro F. R. Kattaqo‘rg‘on tumani IIB boshlig‘iga ariza bilan murojaat qilib, o‘z arizasida 13 iyun kuni voyaga yetmagan qizi Sh. M. dugonasi D. S. Kattaqo‘rg‘on tumaniga olib kelib, uni qo‘shiqchi J. U. va uning bir o‘rtog‘i bilan tanishtirgani, J.U. va uning o‘rtog‘i ularni bir uyga olib borganligini va shu kuni J.U. uni zo‘rlab nomusiga tekkani, shu sababli J.U.ga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Sudga oid tibbiyot ekspertizaning 2020 yil 26 iyundagi xulosasida fuqaro Sh. M.ning tanasida, ya’ni ko‘z yuqori qovoqlar, ikkala boldir, o‘ng bilak sohalarida qontalashlar kabi jarohatlar aniqlanib, ushbu jarohatlar sud-tibbiy tekshiruviga qadarli bir kundan ko‘p, ikki kundan kam bo‘lgan vaqt oralig‘ida yetkazilgan bo‘lishi mumkinligi ko‘rsatilgan.

Mazkur murojaat yuzasidan Kattaqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi TB tergovchisi tomonidan tergovga qadar tekshirish harakatlari o‘tkazilib, uning natijasiga ko‘ra, 10 iyul kuni JPKning 83-moddasi 2-bandiga asosan jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish haqida qaror qabul qilingan.

To‘plangan hujjatlar Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan nazorat tartibida o‘rganib chiqilganda, bir qator tergovga qadar tekshiruv harakatlari to‘liq bajarilmaganligi, JPKning 22-moddasida ko‘rsatilgan tergovchi jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini shuningdek, u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlash shartligini, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib ko‘rilmasdan shoshma-shosharlik bilan qabul qilinganligi aniqlandi, deyiladi bayonotda.

Yuqoridagilarga ko‘ra, Kattaqo‘rg‘on tuman IIB huzuridagi TBning 10 iyul kungi jinoyat ishi qo‘zg‘atishni rad etish to‘g‘risida qabul qilgan qaror Samarqand viloyati prokuraturasi tomonidan 10 sentyabr kuni bekor qilinib, qo‘shimcha tekshiruv harakatlari olib borish uchun Kattaqo‘rg‘on tuman IIB TBga yuborildi.