Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov boshchiligidagi O‘zbekiston delegatsiyasi Moskva shahrida bo‘lib o‘tgan Shanxay hamkorlik tashkilotiga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlari kengashining navbatdagi yig‘ilishida ishtirok etdi, deya xabar qildi O‘zA.

Hindiston, Pokiston, Qirg‘iziston, Qozog‘iston, Rossiya, Tojikiston, Xitoy va O‘zbekiston tashqi siyosat idoralari rahbarlari SHHT Bosh kotibi va SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi direktori ishtirokida Tashkilotga a’zo davlatlar rahbarlari kengashining bo‘lajak yig‘ilishiga tayyorgarlik jarayonini muhokama qildilar.

O‘zbekiston TIV matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, vazirlar SHHTga a’zo davlatlar rahbarlari kengashi majlisi kun tartibi va imzolash uchun taklif qilinadigan hujjatlar loyihalarini ko‘rib chiqdi.

Afg‘onistondagi tinchlik jarayonini ilgari surish uchun Tashkilotga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamkorlikni kengaytirish bo‘yicha fikr almashildi. Afg‘onistonning mintaqaviy iqtisodiy jarayon va infratuzilma loyihalarida ishtirok etishi butun SHHT hududida izchil rivojlanish va barqarorlashuvga erishishga hissa qo‘shishi qayd etildi.

Tadbirda SHHT va BMTning tegishli institutlari o‘rtasidagi sheriklik aloqalarini yanada kengaytirishning dolzarb jihatlariga alohida e’tibor qaratildi. Shu nuqtai nazardan SHHT va BMTning Yevropa iqtisodiy komissiyasi, ESKATO, YUNKTAD va JSST kabi institutlari o‘zaro anglashuv memorandumlarini imzolash muhimligi ta’kidlandi.

Tomonlar xalqaro va mintaqaviy dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashdi. Muayyan masalalar bo‘yicha tegishli qarorlar imzolandi.

Uchrashuv yakunlari bo‘yicha delegatsiyalar rahbarlarini Rossiya prezidenti Vladimir Putin qabul qildi.