Der Spiegel Aleksey Navalniyning o‘ziga kelgani haqida xabar berdi. The Insider nashri esa Navalniy xushidan ketishdan oldingi voqealarni eslay olayotgani haqida yozdi. Ikkala nashrning ham xabar berishicha, ma’lumotlar Bellingcat nashri bilan birgalikda tayyorlangan. Biroq Bellingcat bu haqda xabar chiqarmadi.

Eslatib o‘tamiz, 20 avgust kuni Aleksey Navalniyning og‘ir ahvolda Omsk shoshilinch kasalxonasining jonlantirish bo‘limiga yotqizilgani haqida xabar berilgan edi. Shundan so‘ng, 22 avgust kuni koma holatida bo‘lgan siyosatchi Berlindagi «Sharite» klinikasiga olib kelingan. Klinika mutaxassislari siyosatchining zaharlangan bo‘lishi mumkinligi haqida aytishdi. Bu xabardan so‘ng, Reuters ushbu xabarlar tasdiqlansa, Germaniya Rossiya hukumatiga nisbatan cheklovlar e’lon qilishi mumkinligi haqida ma’lum qildi.

Keyinchalik esa Aleksey Navalniyning «Novichok» deb nomlanuvchi modda bilan zaharlanganligi haqida xabar berildi.

3 sentyabr kuni Belarus prezidenti Aleksandr Lukashenko Rossiya bosh vaziri Mixail Mishustin bilan uchrashuvda Belarus razvedkasi Berlin va Varshava o‘rtasida bo‘lib o‘tgan telefon suhbatini yozib olgani va unga ko‘ra zaharlanish haqidagi ma’lumotlar soxtalashtirilganini aytdi. FRG hukumati vakili Lukashenkoning so‘zlarini «albatta, noto‘g‘ri», dedi. Keyinroq, Belarus davlat OAVlari ushbu yozib olingan suhbatni tarmoqqa joylab, ommaga ma’lum qildi.

Moskva Navalniyning zaharlanishi bilan bog‘liq bo‘lgan voqealarga hech qanday aloqasi yo‘qligini ma’lum qildi. Shuningdek, Omsk kasalxonasi shifokori, toksikolog Aleksandr Sabayev uning zaharlanganligi haqidagi xabarlarni shubha ostiga qo‘ydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, siyosatchining buyragi, jigari va o‘pkasi zarar ko‘rmagan, bu uning tanasida toksinlar yo‘qligini isbotlaydi.

Germaniya kansleri Navalniyning suiqasd jabrlanuvchisi bo‘lganligini va «Rossiya hukumati jiddiy savollarga javob berishi kerakligini» aytdi.

Die Zeit nashrining yozishicha, rossiyalik siyosatchi «Novichok»ning yangi turi bilan zaharlangan va bu avval ma’lum bo‘lgan zaharga qaraganda ancha xavfliroq. Nashrning ta’kidlashicha, agar samolyotdagi xodimlar tezkor yordam ko‘rsatmaganida va uchuvchi Omsk shahriga tezkor qo‘nishni amalga oshirmaganida, siyosatchi parvozning o‘zidayoq zahar ta’sirida vafot etishi mumkin edi.

Germaniya hukumati Navalniy bilan bog‘liq vaziyat bo‘yicha Yevropa Ittifoqi va NATO bilan umumiy pozitsiyani ishlab chiqishini aytdi. NATO, Yevropa Ittifoqi, Buyuk Britaniya, Avstriya, Litva va Ukraina Navalniyga nima bo‘lganini tekshirish ishlarini olib borishlarini so‘rab Rossiya rasmiylariga murojaat qildi.

O‘z navbatida, Rossiya tashqi ishlar vazirligi Germaniya Rossiya so‘roviga ko‘ra ma’lumot taqdim etmayotganini ma’lum qildi. Rossiya tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov Germaniyaning Navalniyning zaharlanishi to‘g‘risidagi rasmiy murojaatlarga bir haftadan beri javob bermayotganligini hurmatsizlik deb atadi.

7 sentyabr kuni Aleksey Navalniyning ahvoli yaxshilangani va uning asta-sekin O‘SV apparatidan uzilishi haqida xabar berildi.

AQSH davlat kotibi Mayk Pompeo esa ushbu masalaga Rossiya yuqori martabali shaxslarining aloqador bo‘lishi mumkinligi haqida aytdi. Pompeoning so‘zlariga ko‘ra, AQSH Rossiyaga aybdorlarni jazolashi kerakligiga ishora qilmoqda. «Biz ham javobgarlarni aniqlash uchun qo‘limizdan kelganicha harakat qilamiz», — deya ta’kidladi AQSH davlat kotibi.

10 sentyabr kuni Der Spiegel va The Insider Aleksey Navalniyning butunlay komadan chiqqani haqida xabar berdi. «Hozirda u yana gapira oladi, shuningdek, samolyotda unga nima bo‘lganini batafsil eslay oladi», — deb yozdi The Insider.

Der Spiegel tarqatgan xabarga ko‘ra, siyosatchining o‘ziga kelgani haqidagi gaplardan keyin Berlin politsiyasi u yotgan shifoxona nazoratini kuchaytirgan.

«Gazeta.uz» voqealar rivojini kuzatishda davom etadi.