O‘zbekistonda 5889 nafar giyohvandlik moddalari iste’mol qiluvchi yoshlar ro‘yxatda turibdi. Bu haqda ichki ishlar vazirining jamoatchilik tartibi bo‘yicha o‘rinbosari, mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vaziri o‘rinbosari Azizbek Ikromov juma kuni Senatning yettinchi yalpi majlisida ma’lum qildi.

Ularning asosiy qismi Andijon viloyatida — 1232 nafar, Farg‘onada — 1093 nafar va Toshkent shahrida — 1188 nafar. Qolgan viloyatlarda 600−500 nafardan hisobda turibdi.

Ichki ishlar vaziri o‘rinbosari oxirgi to‘rt yilda kuchli ta’sir qiluvchi preparatlar va psixotrop moddalarning noqonuniy aylanmasi hajmi ortib borayotganini ham ta’kidlab o‘tdi. 2016 yilda 58 mingta «dorixona narkotiklari»ning noqonuniy savdosiga chek qo‘yilgan bo‘lsa, 2017 yilda 62,5 ming, 2018 yilda 128 ming, 2019 yilda 365 mingta tabletka va boshqa giyohvand vositalar olingan. 2020 yilning 8 oyi ichida esa 191196 ta tramadol yoki tropikamid tabletkalari olib qo‘yilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda yoshlar o‘rtasida an’anaviy giyohvandlik moddalaridan voz kechib, ayniqsa, psixotrop va kuchli ta’sir etuvchi moddalarni iste’mol qilish holatlari ko‘paymoqda. Hozirgi yoshlarda tramadol va yangi paydo bo‘lgan tropikamid dorilari iste’moli ham kuchaymoqda. Ular ta’sirida esa yoshlar tomonidan og‘ir turdagi jinoyatlar sodir etilmoqda.

Misol tariqasida, bu yil Shayxontohur tumanida 12 nafar yosh orasida janjal chiqib, ulardan biri halok bo‘lgan.

Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Narbayeva giyohvandlikka qaram bo‘lganlarni hisoblash bo‘yicha xalqaro standartlarga asoslanib, yuqoridagi statistika aslida 10 baravar yuqoriroq, deb hisoblaydi. Uning so‘zlariga ko‘ra, faqatgina Ichki ishlar vazirligi bu muammo bilan kurasha olmaydi — bunga jamoatchilik, Xalq ta’limi vazirligi, Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirligini ham jalb qilish kerak.

Yalpi majlisda senatorlar «Narkologik kasalliklar profilaktikasi va ularni davolash to‘g‘risida"gi Qonunni ma’qulladilar.