11 sentyabr kunidan e’tiboran Qozog‘iston bilan muntazam aviaqatnovlar rasman tiklandi, deya xabar berdi Transport vazirligi matbuot xizmati.

Transport vazirligi va Qozog‘iston aviatsiya ma’muriyati bilan xalqaro muntazam yo‘lovchi aviaqatnovlarini tiklash bo‘yicha olib borilgan muzokaralar yakuniga ko‘ra, Uzbekistan Airways va Air Astana aviakompaniyalariga sentyabr oyidan boshlab paritet tamoyili asosida Toshkent-Olmaota-Toshkent yo‘nalishida muntazam parvozlarni bajarishni boshlash bo‘yicha kelishuvga erishilgan.

Ushbu yo‘nalish bo‘yicha qatnovlar haftaning juma kunlari amalga oshiriladi. 11 sentyabr kuni soat 12:40 da Air Astana aviakompaniyasining Olmaota — Toshkent — Olmaota reysi samolyoti Islom Karimov nomidagi «Toshkent» xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndi.

Ushbu yo‘nalish bo‘yicha uchish istagida bo‘lgan yo‘lovchilar batafsil ma’lumotlarni aviakompaniyalarning rasmiy saytlaridan olishlari mumkin.