11 sentyabr kuni Senatning yettinchi yalpi majlisida Yangihayot va Davlatobod tumanlarini tashkil etish to‘g‘risidagi parlament yuqori palatasi qarorlari tasdiqlandi. Bu haqda Oliy Majlisi Senatining axborot xizmati xabar berdi.

Xususan, yalpi majlisda «Toshkent viloyati Zangiota, Quyichirchiq, Yangiyo‘l va O‘rtachirchiq tumanlarining, Toshkent shahri Sergeli va Bektemir tumanlarining, shuningdek, Toshkent viloyati va Toshkent shahrining chegaralarini o‘zgartirish hamda Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish to‘g‘risida"gi Oliy Majlis Senati qarori tasdiqlandi.

Eslatib o‘tamiz, Shavkat Mirziyoyevning may oyida Zangiota va Sergeli tumanlariga tashrifi davomida jamoatchilik vakillari bilan o‘tkazgan uchrashuvida Toshkent shahri tarkibida Yangihayot tumanini tashkil etish to‘g‘risidagi taklif Prezident tomonidan ilgari surilgan edi.

Yangihayot tumaniga Toshkent shahridan 2131,2 gektar hamda Toshkent viloyatidan 2288,4 gektar, jami 4419,6 gektar yer maydoni ajratilib, Toshkent viloyati va Toshkent shahri chegaralari muvofiqlashtirilmoqda.

Bu bilan Yangihayot tumani 115 ta sanoat korxonasi, 277 ta xizmat ko‘rsatish korxonasi, 1148,8 gektar qishloq xo‘jaligida foydalaniladigan yerlar va 388,8 gektar aholi tomorqa yerlarini o‘z tarkibiga oladi.

Yangi tashkil etilayotgan tuman Toshkent shahriga bo‘ysunuvchi tumanlar toifasiga kiritilib, aholisi 147 ming nafarni tashkil etadi va poytaxt aholisining 5,8 foizini qamrab oladi. Shuningdek, 47 ta shtat birligidan iborat tuman hokimligi, vazirlik va idoralarning tuman bo‘limlari tashkil etiladi.

Shuningdek, majlisda «Namangan viloyatining Namangan shahar tarkibida Davlatobod tumanini tashkil etish to‘g‘risida"gi Oliy Majlis Senati qarori ham tasdiqlandi.

Davlatobod tumani shahar tarkibidagi tuman toifasiga kiritilib, 21 ta shtat birligidan iborat tuman hokimligi, vazirlik va idoralarning barcha tuman bo‘limlari tashkil etilishi belgilanmoqda.

Ta’kidlash lozimki, Davlatobod tumaniga 1977 yil 29 avgustda asos solingan. Uning hududi 1125 gektarni tashkil qilgan bo‘lib, O‘zbekiston Oliy Majlisining 2003 yil 12 dekabrdagi qaroriga asosan tuman tugatilgan va 2004 yil 1 yanvardan Namangan shahri tarkibiga qo‘shib yuborilgan.

Muhokama qilingan Senat qaroriga ko‘ra, Namangan shahri hududining 4686 gektar (26%) yer maydonida Davlatobod tumani tashkil etilib, ilgari 2004 yilgacha faoliyat ko‘rsatgan Davlatobod tumani hududiga nisbatan qariyb 4,2 barobarga kengaytirilmoqda.

Yangidan tashkil etiladigan tuman hududida 25 ta mahalla fuqarolari yig‘ini, 33850 ta xonadon, 421 ta ko‘p qavatli uy, 3 ta kasb-hunar kolleji, 18 ta umumta’lim maktabi, 24 ta maktabgacha ta’lim muassasasi, 5 ta tibbiyot muassasasi, 1280 gektar qishloq xo‘jaligi yerlari, 698 ta xizmat ko‘rsatish ob’ekti, 429 ta sanoat korxonasi hamda 2 ta madaniy meros ob’ekti mavjud. Tuman aholisi 149,6 ming nafarni tashkil etib, Namangan shahar aholisining 23,8 foizini qamrab oladi va istiqbolda zamonaviy ko‘p qavatli uylar qurilishi hisobiga urbanizatsiya jarayoni jadallashishiga, shuningdek, yangi infratuzilma ob’ektlari barpo etilishi va aholiga xizmat ko‘rsatish tizimi yanada rivojlanishiga xizmat qilishi kutilmoqda.