Koronavirus yuqtirganlar soni ko‘payib borayotgani sababli Buyuk Britaniya hukumati oltidan ortiq kishidan iborat guruhlarning yopiq va ochiq joylarda to‘planishiga taqiq qo‘ydi. Taqiq 14 sentyabrdan kuchga kiradi, deya xabar berdi «Interfaks».

Mazkur taqiq maktab va ishxonalar, shuningdek, COVID-xavfsiz to‘ylar, dafn marosimlari va sport tadbirlariga taalluqli emas. Bundan tashqari, cheklovlar qarindoshlaridan alohida, yolg‘iz yashaydigan fuqarolarning oilaviy uchrashuvlari uchun ham taalluqli emas.

Qoidabuzarlarga 100 funt miqdorida jarima solinadi, qoidabuzarliklar soni ortishi bilan jarima miqdori oshib boraveradi va jarima miqdori 3200 funtga yetishi mumkin.

Sentyabr oyi boshidan beri mamlakatda kasallanish sur’ati keskin o‘sdi. 8 sentyabr kuni 2460 ta yangi koronavirus holati aniqlangan bo‘lsa, avgust oyida eng yuqori ko‘rsatkich kuniga 1522 tani tashkil etayotgan edi.

Umuman olganda, pandemiya boshlanganidan beri mamlakatda 354,9 mingdan ortiq holatlar ro‘yxatga olingan, shulardan 41,6 mingdan ortiq inson vafot etgan.