Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi AQSHning CNHI kompaniyasi bilan birgalikda TZST CE-220 paxta terish mashinasi — transformer ishlab chiqarishni o‘zlashtirdi, deya xabar qildi O‘zA.

Yangi avlod paxta terish mashinasidan yil davomida, xususan, chigitni qadashdan tortib hosilni yiqqunga qadar dala ishlarida foydalanish mumkin. Yangi loyiha CNHI RND konstruktorlik-texnologik markazi bilan hamkorlikda New Holland TD5.110 modelidagi traktorlar yangi avlodi bazasida amalga oshirildi.

«Yangi avlod mashinasiga terim paytida bunker o‘rnatiladi, mavsum yakunlangandan so‘ng bunker yechilib, universal haydov traktori sifatida ishlatiladi, — dedi bosh texnolog Murod Ergashev. — Mashina kuniga o‘rtacha 20 tonnagacha paxta teradi. Agrofon yaxshi tayyorlangan bo‘lsa, undan ham ko‘p terishi mumkin. Bunker hajmi 1 ming 200 kilogramm. Ushbu paxta terish mashinasi 400 terimchining o‘rnini bosa olishi bilan yanada ahamiyatlidir».

«2018 yilda bu mashinaning to‘liq litsenziyasini sotib olganmiz. Ya’ni, brendni o‘zimizda o‘zlashtirdik. Bugun esa o‘z brendimiz ostida paxta terish mashinasini ishlab chiqarishga kirishdik», — deydi Toshkent qishloq xo‘jaligi texnikasi zavodi Investitsiya va mahalliylashtirish boshqarmasi boshlig‘i Mirzaali Sheraliyev.

O‘tgan yili shu rusumda 50 ta texnikani tajriba tariqasida chiqarilgan. Sinov yaxshi natija berdi. Joriy mavsumda 500 ta ana shunday mashina ishlab chiqariladi. Hozirgacha 100 tadan oshig‘i fermerlarga yetkazib berilgan. Bugungi kunda mahalliylashtirish darajasi 20 foizni tashkil etmoqda.

Yangi avlod texnikasida 4 mingdan ziyod detal bo‘lsa, shundan 2 mingdan ortig‘i o‘zlashtirildi. Hozircha dvigatel, paxta terish apparati chetdan keltirilyapti. Paxta terish apparatini o‘zlashtirish bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda.

Qayd etilishicha, zavodda ikki oyda ishlab chiqarish hajmi kuniga 5 dona texnikadan 40 tagacha oshirildi. Amalga oshirilayotgan takomillashtirish ishlari natijasida yil oxirida ishlab chiqarish quvvatini 80 foizga yetkazish ko‘zda tutilgan.