Sirdaryo viloyati hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga Xojimatov Abdug‘affor Tillaboyevich tayinlandi, deya xabar berdi O‘zA.

Abdug‘affor Xojimatov shu kunga qadar Shirin shahar hokimi lavozimida ishlab kelgan.

Shuningdek, Andijon viloyati hokimiga ham o‘rinbosar tayinlandi. Endilikda mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash ishlari bo‘yicha hokim o‘rinbosari lavozimida Boltaboyev Shokirjon Mamajonovich faoliyat yuritadi.

Foto: Andijon viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Tayinlovga qadar Shokirjon Boltaboyev Andijon viloyat kasaba uyushmalari tashkilotlari birlashmasi raisi sifatida faoliyat yuritgan.

Bundan tashqari, Samarqand viloyat hokimining qarori bilan Xurshid Ochilov Abdurashidovich yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha hokim o‘rinbosari etib tayinlandi. U shu vaqtga qadar mazkur lavozimda ishlab kelgan Rustam Qobilov o‘rnini egalladi.


Foto: Samarqand viloyati hokimligi.

Xurshid Ochilov ushbu tayinlovga qadar viloyat hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosari kotibiyati mudiri vazifasida faoliyat olib borgan.