Eri tomonidan ayovsiz kaltaklanib, «pampers» yedirilgan samarqandlik ayolga viloyat hokimligi tomonidan ikki xonali uy ajratiladi. Bu haqda Samarqandda tahdid va zo‘ravonlikka uchragan xotin-qizlarni himoya qilishga bag‘ishlangan brifingda viloyat mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash boshqarmasi boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Sayyora Jumayeva ma’lum qildi, deya xabar berdi O‘zA.

«Samarqand shahrida yashovchi bu qizimiz va uning farzandlari viloyat hokimligi va boshqarmamiz himoyasiga olinib, unga zarur tibbiy-ijtimoiy, moddiy va ma’naviy yordam ko‘rsatilmoqda, — deydi Sayyora Jumayeva. — Oiladagi vaziyatni o‘rgandik, Mustahkam fikrlarini eshitdik, u bilan deyarli har kuni suhbatlashyapmiz. Hozirda bu oilani saqlab qolish yoki ularni yarashtirish haqida o‘ylaganimiz yo‘q. Chunki, mavjud vaziyat bunga imkon bermaydi».

Sayyora Jumayeva viloyat hokimligi unga ikki xonali uy ajratmoqchi ekanini ma’lum qildi. Shuningdek, salomatligi yaxshilanganidan keyin Mustahkamni ish bilan ta’minlash chorasi ko‘riladi.

«Umuman, bu qizimizni endi hech kimga xafa qildirib qo‘ymaymiz. Kuni kecha Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari G. Ma’rufova ham uning holidan xabar olib, suhbatlashdi. Mustahkam himoyaga olinib, unga qanday yoram zarur bo‘lsa, ko‘rsatilishi ma’lum qilindi», — dedi u.

Boshqarma boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari mazkur holat katta saboq bo‘lganini ta’kidladi. Chunki, Mustahkam yashayotgan oila mahalladagi tinch oilalardan biri deb qaralgan, notinch oilalar ro‘yxatiga kiritilmagan.

«Vaholanki, bu oila ichida bo‘layotgan gap-so‘zlar, er-xotinning uzoq davom etib kelayotgan kelishmovchiligi va ayolga nisbatan zo‘ravonlikka mahalla o‘z vaqtida munosabat bildirishi kerak edi. Mahalla faqat notinch oilalar bilan emas, tinch deb qaralgan, aslida muammolar ichida qolgan oilalar bilan ham ishlashi kerakligini angladik», — deya ta’kidladi Sayyora Jumayeva.

Brifingda Samarqand shahar IIB tergov bo‘limi boshlig‘i Damir Sultonov ham mazkur holat yuzasidan ma’lumot berib, xotiniga nisbatan zo‘ravonlik qilgan Sh. Karimovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 105-moddasi 2-qismi «g» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilayotganini bildirdi.

«22 avgust kuni ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan ushbu holatdan bugun ko‘pchilik yaxshi xabardor. Xotiniga nisbatan shafqatsiz munosabatda bo‘lgan Sh. Karimov 24 avgust kuni ushlanib, sud qarori bilan tegishli tartibda qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan, — dedi Damir Sultonov. — Hozirda ijtimoiy tarmoqlarda bu shaxs qamoqdan qo‘yib yuborilibdi, er-xotinni yarashtirish chorasi ko‘rilyapti ekan, degan gap so‘zlar tarqalmoqda. Ammo bu gaplar asossiz. Sh. Karimovga nisbatan qo‘llanilgan qamoq ehtiyot chorasi o‘zgartirilmagan. Jinoyat-protsesual kodeksi talablariga ko‘ra, ushbu jinoyat ishini yarashtirish bilan tugatish imkonsiz»

Damir Sultonov jinoyat ishi qo‘zg‘atishga asos bo‘lgan Jinoyat kodeksi moddalari bo‘yicha bildirilayotgan fikrlarga ham to‘xtalib o‘tdi. Uning ta’kidlashicha, jinoyat ishi dastlabki to‘plangan tergovoldi hujjatlariga asosan 105-modda bilan qo‘zg‘atilgan. Hozirda jabrlanuvchi va gumon qilinuvchi, guvohlar so‘roq qilinmoqda.

«Ekspertiza xulosalari olingan. Barcha ko‘rsatma va vajlar tekshirilmoqda. Ish bo‘yicha aniqlangan holatlarning hech biri e’tibordan chetda qolmaydi va bu jinoyat ishiga qo‘shib boriladi. Ayni paytda ish tergov jarayonida bo‘lgani, tergov siri degan tushunchalar borligi sababli barcha holatlarni oshkor eta olmaymiz», — dedi u.