9 sentyabr kuni Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning farmonlariga asosan Favqulodda vaziyatlar vazirligi, Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligi hamda Raqobatni himoya qilish va rivojlantirish agentligi tashkil etildi. Bu haqda Qozog‘iston rahbarining matbuot xizmati xabar berdi.

FVVga shu vaqtga qadar Ichki ishlar vazirligi zimmasida bo‘lgan tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish, fuqarolar muhofazasi, yong‘in xavfsizligi va boshqa vazifalar yuklatildi. Shu bilan birga, Qozog‘iston Sanoat va infratuzilmani rivojlantirish vazirligidan sanoat xavfsizligi sohasida yagona davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish bo‘yicha vazifalar yangi tashkil etilgan vazirlikka yuklatildi.

Shuningdek, FVVga Milliy iqtisodiyot vazirligidan davlat moddiy zaxirasini shakllantirish va rivojlantirish vazifasi ham topshirildi.

Strategik rejalashtirish va islohotlar agentligiga esa Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vazirligining bir qator vazifa va vakolatlari topshirildi.

Bular qatorida islohotlarni amalga oshirishda zarur bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlar loyihalarini ishlab chiqish, ularni amalga oshirilishini nazorat qilish va baholash, idoraviy statistika sohasidagi ishlarni muvofiqlashtirish, mamlakat taraqqiyoti hamda xalqaro vaziyatni strategik bashorat va tahlil qilish kabilar o‘rin olgan.

Yangi tashkil etilgan davlat tuzilmasi — Raqobatni himoya qilish va rivojlantirish agentligi Qozog‘iston Milliy iqtisodiyot vazirligidan mamlakatdagi tovar bozorlarida raqobatni himoya qilish va monopolistik faoliyatni cheklash, davlat monopoliyasi bilan bog‘liq faoliyatni nazorat qilish va tartibga solish sohasidagi vazifalar va vakolatlar topshirildi.

Ta’kidlanishicha, mazkur ikkita agentlik davlat rahbariga bo‘ysunuvchi davlat organlari hisoblanadi.