Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokori, viloyatning bosh infeksionist mutaxassisi Guljahon Yo‘ldosheva Chirchiqda hibsga olindi. BBC o‘zbek xizmatining xabar qilishicha, u go‘zallik salonlaridan birida ichki ishlar organlari tomonidan hibsga olingan.

Shifokorning singlisi Shahlo Yo‘ldosheva og‘zaki so‘zlashuvlar asosida unga nisbatan 250 million so‘mga teng mablag‘ni talon-taroj qilish aybi qo‘yilayotganidan xabar topganini ma’lum qildi.

«Opamning o‘zi ham koronavirusga chalinib, endi davolanib chiqqan edi. U 7 sentyabr kuni davolanishdan chiqib, 8 sentyabr kuni kechki payt sochini bo‘yatish uchun salonga borganda, ichkariga to‘rt nafar ichki ishlar xodimlari kirib kelgan. Tashqarida yana qanchadir xodim kutib turgan bo‘lgan va o‘sha yerdan uni olib ketishgan», — deya uning so‘zlaridan iqtibos keltirdi BBC Uzbek.

Foto: BBC Uzbek.

Bosh prokuratura xabari

Bosh prokuratura matbuot xizmatining xabar qilishicha, 10 avgust kuni fuqaro Sh. Minbayev Chirchiq shahar prokuraturasiga murojaat qilib, Chirchiq shahridagi yuqumli kasalliklar shifoxonasida ikki tomonlama pnevmoniya va «COVID-19» tashxisi bilan og‘ir ahvolda davolanayotgan qarindoshi F.Rustamov 1 avgust kuni Toshkent viloyati Yuqumli kasalliklar shifoxonasi xodimlari tomonidan viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga o‘tkazilganligini va 02.08.2020 yilda uning sog‘lig‘i yomonlashib vafot etganligini, shu sababli aybdor shaxslarga qonuniy chora ko‘rishni so‘ragan.

Mazkur holat yuzasidan Chirchiq shahar prokuraturasi tomonidan Jinoyat kodeksining 116-moddasi 3-qismi (Mansabga sovuqqonlik bilan qarash odam o‘limiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Xabar qilinishicha, bemor F.Rustamovning somatik xolati og‘irligi, unda nafas yetishmovchiligi mavjudligi va reanimatsion muolajalarga muhtojligiga qaramasdan Yuqumli kasalliklar shifoxonasi bosh shifokorining ko‘rsatmasi bilan ushbu bemor og‘ir ahvolda viloyat Ruhiy asab kasalliklari dispanseriga yuborilgan.

«Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida F.Rustamov nomiga yuritilgan kasallik tarixida bemor „COVID-19“ kasalligidan to‘liq tuzalganligi haqida soxta ma’lumot kiritilgan», — deyiladi Bosh prokuratura xabarida.

Bundan tashqari, Toshkent viloyati yuqumli kasalliklar shifoxonasida byudjet va byudjetdan tashqari mablag‘larning maqsadli sarflanishi yuzasidan o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida jami 250,8 mln. so‘m byudjet mablag‘lari rastrata yo‘li bilan talon-taroj qilinganligi aniqlangan.

Shifoxona bosh shifokori Guljahon Yo‘ldosheva bir necha marotaba tergovga chaqirilganligiga qaramasdan uzrli sabablarsiz ko‘rsatilgan muddatlarda kelmagan, deyiladi xabarda.

8 sentyabr kuni shifoxona bosh shifokori G. Yu. majburiy tartibda tergovga olib kelinib, JKning 167-moddasi 3-qismi «a» bandi (o‘zlashtirish yoki rastrata yo‘li bilan talon-toroj qilish, juda ko‘p miqdorda) hamda 207-moddasi 3-qismi «a» bandi (mansabga sovuqqonlik bilan qarash odam o‘lishiga sabab bo‘lsa) bilan ayblanuvchi tariqasida ishda ishtirok etishga jalb etilgan.

Ayblanuvchi Guljahon Yo‘ldosheva tergov harakatlarini amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgani, o‘ziga yuklatilgan majburiyatlarni bajarmayotgani, u tomonidan sodir etilgan jinoyat og‘ir jinoyatlar turkumiga kirishligi, shuningdek, uning jinoiy faoliyat bilan shug‘ullanishiga barham berish, qochib ketishining, dalillarni yashirishi yoki yo‘q qilib yuborishining oldini olish maqsadida protsessual tartibda ushlanib, sudning 9 sentyabrdagi ajrimi bilan unga nisbatan «qamoqqa olish» extiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergovharakatlari olib borilmoqda.

Rahbariyat bilan tortishuv

Iyul oyining o‘rtalarida ijtimoiy tarmoqlarda Guljahon Yo‘ldoshevaning Toshkent viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Orziqulov bilan telefon orqali suhbati aks etgan audioyozuv tarqalgan edi. O‘shanda viloyat SSB matbuot xizmati bosh shifokorni «viloyatning tuman (shahar)lari yuqumli kasalliklar shifoxonalari (bo‘limlari) faoliyatini muvofiqlashtirish, viloyatda epidemiologik barqarorlikni saqlash yo‘lida xizmat qilish o‘rniga, shifokor sha’niga dog‘ tushuradigan yolg‘on ma’lumotlarni tarqatish bilan» shug‘ullanayotganlikda ayblagan edi.

Xabarda qayd etilishicha, 17 iyul kuni boshqarma tomonidan 18 dona «Kislorod oksigenatori» apparati qabul qilinib, viloyat bo‘yicha koronavirus tasdiqlangan kasallarni davolovchi shifoxonalarga taqsimlangan. Viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasi koronavirus tasdiqlangan bemorlarni davolovchi shifoxona bo‘lmasada, taqsimot bo‘yicha bu muassasaga 3 ta apparat ajratildi (shifoxonada 3 ta apparat bo‘lgan).

Keyingi kuni viloyat SSB SSVdan qo‘shimcha 80 ta kislorod konsentratori olgan, ularning 9 tasi yuqumli kasalliklar shifoxonasiga berilgan.

Avgust oyi boshida Guljahon Yo‘ldosheva Kun.uz nashriga pandemiya sharoitida u boshchilik qilgan kasalxonaga kerakli tibbiy uskunalar ajratilmayotgani va rahbarligi ostida koronavirus bemorlarini o‘zi va oilasi hayotini xavf ostiga qo‘yib davolagan tibbiyot xodimlarining mehnati munosib rag‘batlantirilmayotganini, og‘ir vaziyatda Toshkent viloyati tibbiyot boshqarmasi tomonidan kerakli yordam berilmaganini aytgan edi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, birinchi karantin qiyinchiliklarsiz kechgan — og‘ir ahvoldagi bemorlar kam bo‘lgan. «Biroq 15 iyuldan keyin og‘ir bemorlar soni oshib ketdi, juda ko‘p o‘lim bo‘ldi. Biz ularning ekspress-testlarini tekshirdik — ularning barchasida COVID ijobiy chiqqan edi», — dedi u.

Guljahon Yo‘ldoshevaning tasdiqlashicha, shifoxona xodimlari bemorlarni davolagani uchun mukofot puli olmagan, so‘ngra viloyat SSB buyrug‘i chiqishi bilan bemorlar boshqa tibbiyot muassasasiga o‘tkazilgan.

Keyinroq Toshkent viloyat Sog‘liqni saqlash boshqarmasi boshlig‘i To‘raqul Orziqulov bosh shifokorning nashrga murojaatiga izoh berar ekan, yuqumli kasalliklar shifoxonasi koronavirus tasdiqlangan bemorlar uchun emas, birlamchi ular bilan muloqotda bo‘lgan gumondor fuqarolarni saqlab turish ob’ekti etib belgilanganini ma’lum qildi. Bunday muassasalar tibbiyot xodimlari kunlik 6 foizli ustama olishini, (5−25 mln so‘mlik) mukofot esa koronavirus bemorlarini davolashga moslashtirilgan maxsus shifoxonalar xodimlariga beriladi.