Dunyoning biron bir mamlakati 25 yil avval qabul qilingan Xotin-qizlar huquqlari to‘g‘risidagi Pekin deklaratsiyasi tamoyillarini to‘liq bajarishga yaqinlashmadi, deyiladi BMTning matbuot xizmati xabarida.

Qayd etilishicha, Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasi gender tengligi sohasidagi eng muhim xalqaro hujjatlardan biri hisoblanadi. Unda tanlov erkinligi va imkoniyatlar tengligi tamoyillari mustahkamlangan. Deklaratsiyada, xususan, barcha qizlar va ayollar zo‘ravonliksiz yashash, ta’lim olish va erkaklar qatori teng ish haqi olish huquqiga ega ekanligi ta’kidlanadi.

«[Pekin deklaratsiyasi va Harakatlar platformasida mustahkamlangan] mazkur reja faqat qisman amalga oshirildi. Biz hali ham erkaklar hukmronlik qiladigan dunyoda yashayapmiz, madaniyatimiz hanuzgacha erkaklarga yo‘naltirilgan va bu vaziyat o‘zgarishi kerak», — dedi BMT bosh kotibi Antoniu Guterrish.

BMTda dunyodagi hukumat vakillari va rahbarlarining faqatgina 25 foizini ayollar tashkil etishi eslatib o‘tildi. Parlament a’zolarining 75 foizi va rahbarlarining 73 foizi hanuzgacha erkaklardir.

Joriy yil koronavirus pandemiyasi tufayli ayollarning ahvoli yomonlashdi. BMT ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya yana 47 million ayol va qizni qashshoqlik chegarasi ostiga qo‘yadi.

«Biz bilamizki, ayollar oila a’zolariga g‘amxo‘rlik qilish bo‘yicha ko‘p vazifalarni o‘z zimmalariga olishadi; ular kamroq ish haqi oladilar, shu sababli kamroq tejash imkoniyatiga ega; odatda ular barqaror ish joylarida ishlamaydilar», — deya ta’kidladi BMTning Ayollar bo‘limi rahbari Fumzile Mlambo-Ngkuka.

BMT barcha mamlakatlarni Pekin deklaratsiyasi tamoyillarini amalga oshirish bo‘yicha sa’y-harakatlarini kuchaytirishga hamda ayollar va qizlarning ahvolini yaxshilash uchun barcha imkoniyatlarni ishga solishga chaqirdi. 1 oktyabr kuni BMT Bosh assambleyasining yaqinlashib kelayotgan sessiyasi doirasida dunyo rahbarlari ishtirokida shu mavzuga bag‘ishlangan uchrashuv bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.