«2020 yil paxta hosilini yig‘ib-terib olish ishlarini uyushqoqlik bilan tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi Hukumat qarori (545-son, 08.09.2020 y.) qabul qilindi, deya xabar qildi Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Qarorga ko‘ra, 2020 yilda yetishtirilgan paxta xomashyosi yig‘im-terimini tashkil etishda:

  • mashinada terilgan 1 t paxta uchun — 920 000 so‘m xizmat haqi to‘lash;
  • qo‘lda terilgan 1 kg paxta uchun birinchi terimda — 1000 so‘mdan, ikkinchi terimda — 1400 so‘mdan kam bo‘lmagan mehnat haqi to‘lash;
  • paxta-to‘qimachilik klasterlari va kooperatsiyalari ushbu narxlardan kam bo‘lmagan holda mustaqil narx belgilashlari;
  • paxta xomashyosi uchun mehnat va xizmat haqini har 5 kunda, zarurat bo‘lganda, har kuni to‘lash tavsiya etildi.

Qarorga muvofiq, ishsiz hamda vaqtinchalik band bo‘lmagan aholidan iborat terim otryadlari rahbarlari bilan mavsumiy ishga qabul qilish bo‘yicha fuqarolik-huquqiy shartnomalar tuziladi hamda terim otryadlari rahbarlariga paxta xomashyosi yig‘im-terimi yakuniga qadar 2 million so‘mdan kam bo‘lmagan miqdorda mehnat haqi to‘lanadi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlari va kooperatsiyalariga paxta xomashyosini terib olishi uchun yillik 16 foiz stavkada (shundan 1 foiz bank marjasi) kredit ajratish maqsadida uch oy muddatda qaytarish sharti bilan «Agrobank» ATB depozitiga 1,3 trillion so‘mgacha mablag‘lar joylashtiriladi.

Paxta-to‘qimachilik klasterlari va kooperatsiyalar hamda fermer xo‘jaliklari tomonidan xorijdan olib kelinadigan yuqori unumli paxta terish texnikalari, ularning butlovchi buyumlari va ehtiyot qismlari, istisno tariqasida, 2021 yil 1 sentyabrgacha bojxona to‘lovlaridan (qo‘shilgan qiymat solig‘i va bojxona rasmiylashtiruvi yig‘imlaridan tashqari) ozod qilinadi va «erkin muomalaga chiqarish» bojxona rejimiga joylashtirilgan sanadan boshlab qo‘shilgan qiymat solig‘ini 270 kungacha bo‘lgan muddatga kechiktirib to‘lashga ruxsat beriladi.

Quyidagi tumanlarda qo‘lda terilgan har bir kilogramm paxta xomashyosi uchun tavsiya etilgan tarif stavkasiga davlat byudjetining qo‘shimcha manbalari hisobidan 200 so‘mdan ustama haq to‘lanadi:

  • Jizzax, Sirdaryo va Toshkent viloyatlarining barcha tumanlari;
  • Qoraqalpog‘istonning Qonliko‘l, Qorao‘zak, Kegeyli, Qo‘ng‘irot, Taxtako‘pir, Xo‘jayli, Shumanay, Chimboy va Nukus tumanlari;
  • Qashqadaryo viloyatining Koson, Muborak, Mirishkor, Nishon, Kasbi, Qarshi tumanlari;
  • Surxondaryo viloyatining Qiziriq, Bandixon, Muzrabot va Sherobod tumanlari.

Qoraqalpog‘iston Vazirlar Kengashi, viloyatlar va tumanlar hokimliklari ta’lim, sog‘liqni saqlash tashkilotlari va boshqa byudjet tashkilotlari xodimlarini hamda ta’lim muassasalari o‘quvchilari va talabalarini paxta xomashyosi yig‘im-terimiga jalb qilish holatlarining oldini olish va bunga chek qo‘yish yuzasidan shaxsan mas’ul ekanliklari belgilandi.