Maktab sanitariya talablariga javob bermasa yoki o‘sha hududda sanitariya-epidemiologik holat yaxshi bo‘lmasa, Mahalliy Kengash aynan o‘sha maktabni ochmaslik bo‘yicha ham qaror qabul qilishi mumkin. Unday holatda o‘quvchilar yaqinroqda boshqa ochilgan maktab binosida yoki 14 sentyabrda yangi o‘quv yili darslari boshlanganida teledarslar orqali masofaviy ta’lim olishlari mumkin bo‘ladi, deya ma’lum qildi xalq ta’limi vaziri Sherzod Shermatov.

«Maktablar ochilishi bo‘yicha qarorni faqatgina Mahalliy Kengash deputatlari maktablarning haqiqiy tayyorligi, hududdagi sanitariya-epidemiologik holat va sog‘liqni saqlash tizimi imkoniyatidan kelib chiqib qabul qiladi», — deya ta’kidladi Sherzod Shermatov.

«Masalan, tuman markazini obodonlashtirish uchun mablag‘ ajratish muhimmi yoki maktablarga antiseptik vositalarni sotib olib berishmi, degan savolga Mahalliy Kengash deputatlari javob topishlariga to‘g‘ri keladi. Mabodo qaysidir joylarda mablag‘ ajratilmasdan, majburiyatni maktab jamoasiga yuklab qo‘yilish holatlari bo‘lsa, unday holatlarni Mahalliy Kengash deputatlarimiz tomonidan tanqidiy o‘rganib chiqilishi maqsadga muvofiq», — dedi Sherzod Shermatov.

U, shuningdek, maktab ochilishidan avval uni pirometr, dozator (yoki pulverizator), antiseptik va dezinfeksiya vositalari bilan ta’minlash uchun mablag‘lar ajratilgani, maktablarga yetarli vositalar yetkazib berilganiga ishonch hosil qilinishi kerak. Shundan so‘nggina Kengashda ushbu maktab faoliyatini boshlash bo‘yicha qaror qabul qilishi mumkin.

Ta’lim vazirining ta’kidlashicha, mahalliy byudjetda mablag‘lar yetarli bo‘lmagan sharoitda, qaysidir boshqa harajatlarni qisqartirib, uni bu yo‘nalishlarga sarflash bo‘yicha qaror qabul qilish vakolati ham aynan mahalliy Kengashlarda.

Sherzod Shermatov «prezident tomonidan o‘tgan yillarda olib borilayotgan asosiy islohotlardan biri — bu bosqichma-bosqich mahalliy Kengashlar vakolatini oshirib borish» deb aytib o‘tdi.

«Markazdan turib, hamma maktablar falon kuni ochiladi deb hech kim aytmaydi! Ikkinchi tomondan, barcha sanitariya talablariga rioya etilgan taqdirda ham maktabda koronavirus yuqmaydi, deb ham hech kim kafolat berolmaydi. Bunga Germaniya, Koreya kabi davlatlarda anchagina maktablar virus tarqalgani sababli qaytadan yopilganini misol qilib keltirsa bo‘ladi. Ularda nafaqat moddiy imkoniyatlari yuqori, balki jamoat joylarida aholini o‘zini tartibli tutishi biznikilardan ko‘ra ancha yaxshi ekanligini ham tan olish kerak (misol sifatida ulardagi va bizdagi odamlarni navbatda qanday turish madaniyatini kuzatishingiz mumkin)», — deb yozadi ta’lim vaziri.

«Shuningdek, farzandini an’anaviy ko‘rinishdagi maktabga yuborish yoki uyda teledarslar orqali o‘qitish haqidagi qarorni faqatgina ota-onalar o‘zlari qabul qilishlari muhimligi ham bir necha bor ta’kidlab o‘tildi. Bu masalada hech kimni majburlashga yo‘l qo‘yilmaydi», — deya ta’kidladi u.