O‘zbekiston davlat chegarasi orqali harakatlangan fuqarolarga doir ma’lumotlarni qonunga xilof ravishda qo‘lga kiritib, UZIMEI tizimidan noqonuniy ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullanuvchi jinoiy guruhni fosh etildi. Bu haqda Davlat bojxona qo‘mitasi matbuot xizmati xabar qildi.

Aniqlanishicha, O‘zbekiston fuqarosi O.A. sheriklari M.B. va T.R. bilan tuzgan o‘zaro jinoiy rejaga ko‘ra qo‘shni davlatlarga o‘tishib, u yerda O‘zbekistonga kirib kelayotgan O‘zbekiston fuqarolarining pasport ma’lumotlarini telefon yordamida rasmga tushirib, «Telegram» ijtimoiy tarmog‘i orqali yuborib, belgilangan tartibda ro‘yxatdan o‘tkazilmagan mobil qurilmalarni Uz IMEI tizimi orqali ushbu fuqarolar nomiga ro‘yxatdan o‘tkazish bilan shug‘ullanib kelishgan.

Birgina fuqaro B.M.ning uyali aloqa vositasi ko‘zdan kechirilganida, telefon xotirasida O‘zbekiston fuqarolarining 200 ga yaqin pasport rasmlari borligi, u ushbu pasport ma’lumotlarni yig‘ib, jinoiy sherigi O.A.ga yetkazib berganligi uchun har bir pasportga 5 AQSH dollardan haq olganligi ma’lum bo‘ldi.

Mazkur xolat yuzasidan Davlat bojxona qo‘mitasi tomonidan O‘zbekiston Jinoyat kodeksining 141−2-moddasining (Shaxsga doir ma’lumotlar to‘g‘risidagi qonun hujjatlarini buzish) 2-qismi «a» va «v» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov organiga yuborildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq uchinchi shaxslarning pasport ma’lumotlaridan foydalangan holda mobil qurilmalar IMEI-kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish hollari kuzatilayotgani haqida xabar qilingan edi. Natijada xorijdan kelgan, hatto do‘kondan kreditga telefon olgan fuqarolar o‘z mobil telefonlarini ro‘yxatdan o‘tkazishga qiynalayotgan edi.

Ushbu masalaga e’tibor qilgan huquqshunos-bloger Xushnudbek Xudoyberdiyev nima uchun IMEI kodlarini ro‘yxatdan o‘tkazish pulli ekanligi, bu jarayon bu darajada qiyin va byurokratik usulda ekanligi haqidagi savollarni o‘rtaga tashlagan edi.

«IMEI ro‘yxatdan o‘tkazish uchun o‘zgalarning pasport ma’lumotlari o‘g‘rilanayotgani — bu muammoning oqibati xolos. Muammoning asosiy sababi esa vazirlik va shu sohaga mas’ul tashkilotlarning oxirigacha o‘ylanmasdan joriy qilgan tizimidir! Agar tizim sodda va mantiqqa mos tushadigan, shuningdek xavfsizlik talablari to‘liq inobatga olingan bo‘lganda edi, birovlarning pasport ma’lumotlari o‘g‘rilanmasdi», — deb yozadi bloger.

O‘tgan yilning dekabr oyi o‘rtalarida Mening fikrim jamoaviy murojaatlar portalida mobil qurilmalarni IMEI bo‘yicha pulli ro‘yxatga olishni bekor qilish to‘g‘risidagi petitsiya e’lon qilingan edi. Petitsiya 20 mingdan ziyod ovoz va 450 dan ortiq izoh to‘pladi.

Shundan so‘ng Oliy Majlis Qonunchilik palatasining Innovatsion rivojlanish, axborot siyosati va axborot texnologiyalari masalalari bo‘yicha qo‘mitasi tomonidan «Mobil qurilmalarni yagona xalqaro identifikatsiya IMEI kodlari bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tkazish tizimini takomillashtirish» masalasini o‘rganish boshlandi. Biroq bu masala o‘zining ijobiy yechimini topmadi.