«O‘zmetkombinat» aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Sergey Vyunenko vafot etdi, deya xabar bermoqda Toshkent viloyati hokimligi.

Sergey Vyunenko 2017 yilda «O‘zmetkombinat» AJda ish boshlagan. Dastlab kombinat bosh muhandisi, boshqaruv raisining birinchi o‘rinbosari, boshqaruv raisining ishlab chiqarish bo‘yicha birinchi o‘rinbosari, 2020 yildan esa «O‘zmetkombinat» AJning boshqaruv raisi vazifalarida mehnat qilib kelgan.

«Sergey Anatolevich Vyunenko O‘zbekiston Respublikasida qora metallurgiya sanoati rivojiga katta hissa qo‘shdi. U o‘ziga va korxona rahbar va mutaxassislariga juda talabchan edi. Uning rahbarligida ferroqotishmalar, po‘lat simlar va boshqa turdagi metall mahsulotlari ishlab chiqarish quvvatlari ishga tushirildi, yirik investitsiya loyihasi — „Quyuv-prokatlash majmuasi qurilishi“ ishlari boshlandi», — deyiladi viloyat hokimligi xabarida.

Bekobod shahar hokimi Zafar Fayzullayev marhum xotirasini yodga olish marosimida uning koronavirus oqibatida vafot etganiga ishora qilib o‘tdi.

«Pandemiyaning asoratlarini yengillatish uchun Sergey Anatolevich nafaqat kombinatda, balki shahrimizda ham ko‘p ishlarni amalga oshirdi. U yuzlab insonlar sog‘lig‘ini, kerak bo‘lsa hayotini asrashga katta hissasini qo‘shdi. Afsuski, o‘zini asrolmadi. Uning yorqin xotirasi qalblarimiz yashaydi» — deydi Zafar Fayzullayev.

Shuningdek, «Daryo» nashri o‘z manbasiga tayanib Sergey Vyunenko koronavirus asoratidan vafot etganini ma’lum qildi.